- Rukn: Sheʼrlar
- 668 marta ko‘rilgan
Ikki sheʼr
Ilinj
Dunyoni qalbiday beg‘ubor bilgan,
Orzularga oshno farishtalarim.
Baxtingizni ko‘rmoq – yagona tilak,
Siz ila tutashgan jon rishtalarim.
Qo‘sh kabutar misol otangiz bilan
Sinovli dunyoda ko‘rdik quvonch, g‘am,
Faqat siz tufayli intildik olg‘a,
Ulg‘aydingiz, siz-la ulg‘aydik biz ham.
Mahliyo – baxt bo‘lib sochganim ziyo,
Umrim bahorida ochilgan gulim.
Sen-la orzularim emasdir ro‘yo,
Sen-la boshim osmon, ravondir yo‘lim!
Muxlisam – soliham, mehri ummonim,
Albat duolaring bo‘lgay ijobat,
Ertadan umidvor qalbi osmonim,
Olloh ato etsin baxt-u saodat!
Bolajon
Ziyo maskaniga ming orzu ila
Qadam bosding bu kun, dilda hayajon.
Ustozin ota deb, ona deb bilgan
Qalbi pok, bilimga chanqoq, bolajon.
Qushlardek osmonga uchaman, deysan,
Bolalikdan so‘zlar tillaring biyron,
Oy bo‘lib yulduzni quchaman deysan,
Sho‘xligi bir olam, quvnoq, bolajon.
Shahding tog‘larni-da talqon qilgudek,
Bo‘lajak malika, bo‘lg‘usi sulton,
Ko‘zingda mavjlanar baxtning uchquni
Bo‘lsin kelajaging porloq, bolajon!
Muhabbat RAHMONBERDI qizi,
Angren shahri