- Rukn: Sheʼrlar
- 659 marta ko‘rilgan
Negmurod Guliyev ijodidan
Ishyoqmasning orzusi
O‘rgatilgan bir chaqqon,
Maymun sotib olardim.
Uni qil, buni qildan,
Bir yo‘la qutulardim.
Ahil-inoq men bilan,
Yashar edi xonamda.
Uyda ish ham qolmasdi,
Qarashardi onamga.
O‘yingohga chopardim,
Vaqtim bo‘lib bemalol.
Xumoridan chiqquncha,
Darvozaga urib gol.
Oy botirmi, quyoshmi?
Oy botirmi, quyoshmi?
Bahslashar ko‘chada.
Abdulaziz Esh bilan
Sutdek oppoq kechada.
Esh der: “Moh-da qahramon,
Qo‘rqmay tunda yuribdi.
Oftob qochib zulmatdan,
Yotog‘iga kiribdi”.
Qaldirgʻoch
U kelgach yashnar bahor,
Rizq to‘lib oqar anhor.
Qimizga to‘lar sanoch,
Qaldirg‘ochga eshik och.
Boshlab kelar baraka,
To‘yib ol sumalakka.
Yerga ekin, urug‘ soch,
Qaldirg‘ochga eshik och.
Fayzli uyda in qurar,
Ilonni yomon ko‘rar.
Mehr yoysin keng quloch,
Qaldirg‘ochga eshik och.
Qishlogʻim
Paxtazor, dala, uylar,
Obod yo‘l, hatto dashtlik.
Majnuntollar ta’zimda,
Darvozalar keng ochiq.
Odamlari serhimmat,
Kasbi kori bor, halim.
Huriliqo qizlari,
Yozilmay qolgan nazm.
Tom ostida tuynugi,
Qaldirg‘ochlarga eshik.
Allaga mos chayqalar,
Shodlikni quchgan beshik.
Hunarmand bobolarim,
Eshik yasab topgan shon
Ularni Mohi Xosa[1]
Eslatib turar hamon.
Shundan asli qishlog‘im,
Darsoz[2]lar deb nom olgan.
Ajdodlarim san’ati,
Tarixda mangu qolgan.
[1] Buxorodagi tarixiy obida
[2] G‘ijduvon tumanidagi qishloq
Negmurod Guliyev