- Rukn: Sheʼrlar
- 627 marta ko‘rilgan
Sodiqjon Inoyatov ijodidan
Olim polvon
Olim polvon qishloqning
Sara polvoni edi.
Davrada or talashgan
Nomus-vijdoni edi.
Qayga borsa izzatda
Mag‘rur kerib ko‘ksini,
Elning iftixori deb
Sezar edi o‘zini.
Taqdir ekan, bir yili
Tushib kelganda tog‘dan.
Tepadan uchib ketib,
Judo bo‘ldi oyoqdan.
Eh,
Polvonning belidan
Kuch ketdi,
Quvvat ketdi,
Elda mashhur nomiga
Cho‘loq degan ot yetdi.
Ko‘ngil yomonda, ko‘ngil
Hohishin qo‘ymas ekan.
Kurash tushgan er yigit
Kurashsiz turmas ekan.
Garchi endi olishish
Kelmasa ham qo‘lidan
Hech uzmadi ko‘nglini
Polvonlikning yo‘lidan.
O'g‘illari bu korning
Etagidan tutmadi.
Shunda ham Olim bobo
Umidin tark etmadi.
Yillar o‘tib Yaratgan
Yorug‘ etdi yuzini.
Kenja nevara bosdi
Bobosining izini.
Shukronadan keksaning
Ko‘zlariga qalqdi yosh.
Duo qildi dilbandin,
Tiladi sabr, bardosh.
Kenjatoy ilk bor yutib
Chiqqanida gilamga
Olim polvon xotirjam
Kulib boqdi olamga.
Yurt osmoni
Quyosh porlar
Osmon osuda,
Qir bag‘rida yelishar yellar.
Qanotida Vatan haqida
Qo‘shiq olib kelishar yellar.
Kuylayversang,
Qo‘shiqlar to‘lsa,
Zaminning to‘rt tomonlariga.
Ko‘zingda yosh, ruhing yuksalar,
Ona yurtning osmonlariga.
Tut daraxti
Har bahorda kesishar,
Qo‘yishmaydi o‘sgani.
Malol kelar yo‘l bermay,
To‘sishgani-to‘sgani.
Ammo,
Iroda g‘olib,
Umid sira o‘lmaydi.
Yashil barglar tiriklik
Qo‘shig'ini kuylaydi.
Sodiqjon Inoyatov