- Rukn: Sheʼrlar
- 758 marta ko‘rilgan
Vaqtning hajmi qancha?
O‘ylab ko‘rsam, vaqt degan
Rezinali to‘rxalta,
Neki tiqsang ichiga
Sig‘averar, zo‘r xalta.
Masalan, bir soatda
Nimalar qilish mumkin?
Kitob, gazeta o‘qish,
Samokat minish mumkin.
Do‘sting bilan urishib,
Mumkin hatto yarashish.
Tort yeyayotgan ukangga
“Yordamlashish”, “qarashish”,
Alg‘ov-dalg‘ov qilib so‘ng,
Mumkin yigish uy ichin.
Ko‘chirish mumkin hatto
Telefonda uy ishin.
Ha, shularning bariga
Bir soatgina darkor.
Bir kunda bir soatdan
Yana, eh, qanchasi bor.
Harakat zo‘r bo‘lsa, vaqt
Rezinali to‘rxalta.
Neki tiqsang ichiga
Sig‘averar, zo‘r xalta!
Hamza Imomberdiyev