- Rukn: Sheʼrlar
- 612 marta ko‘rilgan
Shu bola siz emasmi?
Avtobusda zich odam...
Zo‘rg‘a chiqib oldim men,
Manzilimga yetgan dam,
Shoshib tushib qoldim men.
Orqa-o‘ngimga boqmay,
Tez boraman ilgari.
Bir yosh bola chaqmoqday
Yuguradi men sari.
– To‘xtang amaki, birpas,
Quloq soling so‘zimga!
Kutib uni bir nafas,
Dam beraman o‘zimga.
– Xo‘sh nima gap, jon bolam?
So‘yla! – deyman tikilib,
– Pulingiz tushdi, og‘a!
Deydi bola ezilib.
Pulni berib shu zamon,
Chopib ketadi chaqqon.
Hang-mang bo‘lib qolaman,
So‘rolmayman otini
Chuqur nafas olaman,
Eslayman sumbatini.
O‘zi quvnoq, navqiron.
Ko‘zim o‘ngida rasmi,
Xo‘sh ayting-chi, kitobxon,
Shu bola siz emasmi?
Shukur Saʼdulla