- Rukn: Sheʼrlar
- 428 marta ko‘rilgan
Vatan tuyg‘usi
Nedir Vatan tuyg‘usi? —
Emas mavhum tushuncha.
Ma’nosini anglaymiz,
No‘noqmasmiz biz uncha!
Muallimning qo‘lida
Gazeta-yu kitoblar.
— Yurtni sevmoq iymondan! —
Deb qiladi xitoblar.
Misollarni keltirgay
Goh hadis, goh Qur’ondan.
So‘zlar buyuk zotlarning
Dilidagi surondan!
Har ibora — hikmatli,
Har ibora — murakkab.
Ba’zan mag‘zin chaqolmay
G‘ulu tushar yurakka.
Kimdir aytgan mashhur gap,
Darsda kelmas xotirga —
O‘xshamaymiz yurtparvar
Va fidoyi botirga!
Muallimga qaraymiz
Javdiragan ko‘z bilan.
Qoniqmaydi gapirsak
O‘zimizning so‘z bilan!
Nedir Vatan tuyg‘usi? —
Xayollarga tolarmiz.
O‘zgalarning fikrini
Aytib maqtov olarmiz!
Rustam NAZAR