Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Dovon jilgʻalari” adabiy toʻgaragi aʼzolari ijodidan

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi tasarrufidagi “Dovon jilgʻalari” adabiy toʻgaragi angrenlik va ohangaronlik yosh qalamkashlar isteʼdodi kamolotiga beshik boʻlyapti. Uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan mazkur toʻgarakning ilk qaldirgʻochlari viloyat va respublika miqyosidagi koʻrik-tanlovlarda muvaffaqiyat qozonib, adabiyot olamida oʻz oʻrinlariga ega boʻldilar.

Ayni damda ham toʻgarak qizgʻin faoliyat olib bormoqda. Yosh qalamkashlar isteʼdodli shoira Muhabbat ABDUQODIROVA adabiy saboqlaridan sheʼr yozish qonun-qoidalarini puxtalik bilan oʻrganishmoqda. Tirishqoq shogirdlarning mehnatlari esa oʻz samarasini koʻrsatmoqda.

Quyidagi mashqlar bilan tanishgach siz ham fikrimizga qoʻshilasiz.

 

Vatan

Yurtim jannatmakon, beqiyos diyor,

Mehnatkash insonlar yashar baxtiyor.

Har hovuch tuprogʻi menga iftixor,

Buyuk ajdodlarim merosi – Vatan,

Xalqim eʼzozlagan eʼzozi – Vatan.

 

Beruniy, Ulugʻbek, Navoiy, Bobur –

Alloma bobolar biz uchun faxr.

Ularga munosib avlodmiz axir!

Buyuk ajdodlarim merosi – Vatan,

Xalqim eʼzozlagan eʼzozi – Vatan.

 

Istiqlol tufayli boʻldi guliston

Dunyoga yuz burgan hur Oʻzbekiston.

Jahonga boʻylashgan tabarruk makon –

Buyuk ajdodlarim merosi – Vatan,

Xalqim eʼzozlagan eʼzozi – Vatan.

 

Sevinchxon BOTIRXONOVA,

28-maktab 10-sinf

 

Onajonim

Boshim uzra parvonasiz kechalari,

Tushlarimga kirar baxtning koʻchalari.

Eslagayman har kunimda onamning ul

Mehr qoʻshib yopib bergan kulchalarin.

 

Izlarimga gullar sochgan, mehribonim,

Soʻzlaridan bollar tomgan xushzabonim.

Har kunim-chun shukronalar aytgan inson,

Siz-la baxtim toʻkis boʻldi, onajonim.

 

Shahzoda ERGASHEVA,

Ohangaron tumani 27-maktab 10-sinf

 

Tilak

Mening bobom va buvim,

Biri oy, biri quyosh.

Umr kechirmoqdalar

Barchamizga boʻlib bosh.

 

Nabiralar bir etak,

Buvim aytarlar ertak.

Bobomiz katta bogʻbon,

Bogʻimiz hosilga kon.

 

Buvim moziydan soʻzlar,

Bobom baxtimiz koʻzlar.

Har bir soʻzi bir kitob,

Sharqona berar odob.

 

Ruxshona RAHMATJONOVA,

8-maktab 7-sinf

 

Izhor

Togʻlaring boshida oq qoring boʻlay,

Oftobday charaqlab, yulduzday kulay.

Mehringga oʻranib, bagʻringda toʻlay,

Mayin sabo boʻlib tegrangda yelay

O, mening mehribon Oʻzbekistonim!

 

Sen-la magʻrur mening bu erka yoshim,

Sen-la totli erur har luqmam, oshim,

Senda yuksaklikka yetmoqda boshim,

Sen qalbim yoritar mangu quyoshim –

Jannatim, qismatim, Oʻzbekistonim!

 

Muxlisa ABDUQODIROVA,

4-maktab 11-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.