Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari ijodidan

“Matbuot kunlari” munosabati bilan Fargʻona viloyati Xalq taʼimi boʻlimida oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining bir guruh iqtidorli oʻquvchilari ham ishtirok etishdi. Maktab rahbari Nigora Mannopova ijodkor bolalardan bir nechtasining sheʼrlarini qoʻlimga berib, “Gulxan”da chop etilsa xursand boʻlar edik, dedi. Tahririyatga qaytgach sheʼrlarni oʻqib chiqdim, koʻnglim yorishdi. Sevimli shoirimiz nomi bilan atalgan ijod maktabida unga munosib izdoshlar tarbiyalanayotganidan quvondim. Quyida ulardan namunalar bermoqdamiz.

Bosh muharrir

 

Vatan

Vatanni angladim, Boburni oʻqib,

Yurtdoshim dardini tushundim shu on.

Goh oʻylab qolaman moziyga boqib,

Axir, boʻloldimmi munosib inson?

 

Dunyoda turfa el, yurtlar koʻp, biroq,

Ularning biz kabi mayoqlari yoʻq.

Andijonga yurib kelardi albat,

Afsus, Tojmahalning oyoqlari yoʻq.

 

 

Qadr

Dehqon yigit, ketmoning oʻtkir,

Zamin sendan qadr topganmi?

Tuproq kechib sen ishlaysan-u,

Chang bosibdi mening oʻpkamni.

 

Dehqon yigit – haqiqiy oʻgʻlon,

Qoʻllarida ketmon zarbi bor.

Men hech kimga alishmam chunki,

Shu yigitning quyosh qalbi bor.

 

Sevara JAMOLDINOVA

 

 

Koʻnglimga

Uygʻon endi, tong ham yorishdi,

Manzil olis fursat juda kam.

Turolmasang oyogʻing boʻlay,

Yurolmasang koʻtarar yelkam.

 

Faqat qolib ketmaylik yoʻlda,

Bu arosat yoʻli toʻxtama.

Gohi kechib oʻtamiz koʻldan,

Suzolmasang olib oʻtaman.

 

Faqat tolib qolma, koʻngiljon,

Biroz chida, yetib qolamiz.

Bu yoʻllarda bosh boʻlsa omon,

Doʻppimizni topib olamiz.

 

Xojimurod QOʻZIBOYEV

 

 

Svetofor

Juda ham tartibli boʻlarkan rosti,

Shaharlarda oʻsgan barcha odamlar.

Yoʻldan oʻtmoq uchun svetafor shart,

Yashili yonmasa, qotar qadamlar.

Tartib kuchli, biroq oqibat kamdek,

Hislarim betartib – shu oʻy qiynaydi.

Shaharlik koʻnglining koʻchasiga ham

Bitta svetafor oʻrnatilsaydi...

 

Muattar MAMATKARIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.