Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tanlov ishtirokchilari sheʼrlaridan

Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi tomonidan maktab oʻquvchilari oʻrtasida tashkil qilingan “Mustaqillik – mening tasavvurimda” nomli koʻrik-tanlov chogʻida: “Boʻlar bola boshidan”, – degan maqolning nechogʻlik toʻgʻriligiga yana bir bor amin boʻldim. Chunki sheʼriyat yoʻnalishida ishtirok etayotgan Sergeli tumanidagi 6-DITUOT maktab oʻquvchisi Samariddin Yoʻldoshev hamda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti qoshidagi Akademik litseyning 1-bosqich oʻquvchisi Avazbek Tursunovlar dastlabki sheʼrlari bilanoq hayʼat aʼzolarining eʼtiboriga tushdi. Men ularning bir necha sheʼrlarini diqqat bilan oʻqib chiqdim. Bu sheʼrlarda oʻziga xos nozik oʻxshatishlar koʻzga tashlanadi. Avazbek oʻzi ulgʻaygan Qashqadaryo vohasi tabiatini hech kim aytmagan tashbehlarda aks ettirsa, Samariddin borliqqa, voqeliklarga falsafiy koʻz bilan baho berishga intilgan.

Agar bu ikki yigit oʻqib, izlanishdan toʻxtamasa, sinchkovlik va tiyraklikni davom ettirsa, adabiyotimiz kelajakda ikkita yaxshi shoir bilan boyishiga ishonaman.

 

Muhabbat HAMIDOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

Iqror

Asrlar oʻtsinlar, sen turgin mangu,

Boʻlsin choʻqqilardan yuksak parvozing.

Boʻlolding zulmatda taralgan ziyo,

Dunyolarni tutdi sening ovozing.

 

Sening buyukliging bu mening shaʼnim,

Qurigan dengizda suzarmi kema?!

Sen bizga Onasan, Ona-Vatanim,

Onasan, dunyoda aslo gʻam yema.

 

Bandidan uzilgan yaproq singari

Furqatda, oh, qancha koʻzlar boʻldi nam.

Farzandin sogʻingan onalar kabi

Sogʻinib yigʻlading hatto oʻzing ham.

 

Ezgulik tufayli dunyodir obod,

Quyosh yoritar-ku zulmat xonani.

Vatanim, sevgayman seni umrbod,

Sevmasdan boʻlarmi, axir Onani?

 

Kuz manzaralari

Qushlar ketmoqdadir qaygadir bilmam,

Gavjum xazonlarga aylandi yaproq.

Baxtiyor kulguni yutgan kabi gʻam

Xazonlar ostiga koʻmildi tuproq.

 

Gohida samoni qoplaydi bulut,

Dard toʻlgan koʻnglini boʻshatar osmon.

Ona yer yotadi boʻlgandek unut,

Gʻamgin falak dardin tinglaydi nolon.

 

Har diyor goʻzaldir, hammasi turfa,

Qaytarmas bir-birin har el darasi.

Oltindek tovlanib koʻzim oʻngida

Namoyon boʻladi kuz manzarasi.

 

Samariddin YOʻLDOSHEV

 

 

Men buyuklar oʻgʻli

Choʻl-u vodiylardan oshgan kiyikman,

Olovlardan qolgan otash, kuyukman.

Farzand boʻlib bugun anglolgandekman,

Men buyuklar oʻgʻli, erka, suyukman!

 

Tibbiyot onasi – koʻhna Afshonam,

Bobom Temur qurgan nurli koshonam.

Boqiy yulduzlarim, yorugʻ peshonam,

Men buyuklar oʻgʻli, erka, suyukman!

 

Yurtim, seni bugun dunyo taniydi,

Essiz, Qodiriy yoʻq, koʻrsa qaniydi.

Eshitsa, Orolning yoshi ariydi,

Men buyuklar oʻgʻli, erka, suyukman!

 

Termizi, Shoshi-yu, Nasaflari bor,

Bobomning oʻchmagan nafaslari bor,

Tarixida dunyoning havaslari bor,

Men buyuklar oʻgʻli, erka, suyukman!

 

 

Yurt qadri

Nega yantoq qaqroq choʻldan

Boshin olib ketmaydi?

Chunki gul-u gulzor uning

Koʻnglin yorugʻ etmaydi.

 

Shudir asli Vatan qadri,

Har nening bor oʻz mayli.

Hech bir oʻlka kishining

Oʻz yurtiga yetmaydi.

 

Avazbek TURSUNOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.