Kuz o‘ylari
Qatra
Kuz – barglar turfa rangga kiradigan fasl. Hayrat bilan atrofdagi daraxtlarga razm solaman. Olovrang yaproqlar birin-ketin uzilib yerning kaftiga qo‘nmoqda. Go‘yo ular o‘z joyiga endi qaytmaydigandek. Shox-u novdalar boshqa barg chiqarmaydigandek.
Kuz fasli boshlanishi bilan o‘quvchilar maktabga oshiqadilar. Shular qatori men ham aziz dargohga shoshilaman. Biroq, ba’zan o‘zimni yolg‘iz qolganday his qilaman. Lek qalbimning tubida bir miltillagan nur paydo bo‘lib yorug‘lik sari yetaklaydi. Nazarimda, meni g‘aroyib hodisa kutib turganday qalbimda umid uyg‘otadi. Va shu zahoti hamma dilxiraliklarni unutaman-u, barchaga yaxshi kayfiyat ulashgim keladi.
Ana shundan so‘ng xotirjam tortib maqsadlarim sari dadil qadam tashlayman. Yo‘lda yana daraxtlarga boqib xayolga tolaman. Har narsadan xislat izlay boshlayman. Axir yerga tushayotgan yaproq birinchisi emas-ku. So‘nggi bor daraxtdan uzilgan barg ham oxirgisi emas. Har bahor yana yangi-yangi kurtaklar ochiladi. Yana yangi yaproq yuz ko‘rsatadi. Hayot ana shu tarzda davom etaveradi. Bu lavhalar bizni yashashga undaydi. Hayotning, yangi manzaralari ana shu tarzda bizni kelajak sari chorlayveradi.
Xursandbek ABDULLAYEV,
Respublika ixtisoslashtirilgan
musiqa va san’at akademik litseyi
6-sinf o‘quvchisi