Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Menga soʻz bering

(Jurnalning 1988-yil yanvar sonidan olindi.)

Hamma narsa bolalikdan boshlanadi. Dadil turib, haq gapni aytolmagan, oʻz yoʻlini aytishga intilmagan, eʼtiqodini himoya qilolmagan bola oʻz kelajagini oʻylab koʻrarmikan?

Bugun sen oʻz jurnalingdan soʻz soʻrayapsan! Fikrlaring bir oz tarqoq boʻlsa ham, dilingda uygʻongan oydin tuygʻu – kuyunchaklik sezilib turibdi.

Soʻz senga!

 

Maktab ikkinchi uying boʻlsa

Bir-ikki kun uyingdan uzoqda boʻlsang, darrov sogʻinib qolasan. Qayerda boʻlma, seni kuchli bir mehr tortib turadi. Maktabga-chi?

Oʻtgan yili negadir maktab haqidagi tasavvurim oʻzgardi. Koʻp dars qoldirmasam-da, maktabga bordimmi, yoʻqmi men uchun ahamiyati yoʻqday tuyuladi. Men unga intilib emas, “borish kerak” deb boraman.

Ayrim darslarda juda zerikaman. Aslida oʻqituvchilarimiz yaxshi, savolimizni javobsiz qoldirishmaydi. Lekin biz bilan ular orasida qandaydir toʻsiq bor...

Oʻqituvchi seni tushunsa! Onangdek mehribon, doʻstingdek sirdosh boʻlsa...oʻshanda sen ham maktabing, oʻqituvchilaring bagʻriga shoshilasan. Maktab ikkinchi uying boʻlib qoladi.

 

Goʻzal QURBONOVA,

Toshkent shahridagi 127-maktab oʻquvchisi

Soch qoʻyish gunohmi?

Televizorda, gazeta va jurnallarda bolalarning chiroyli qilib taralgan sochlarini koʻrib havasim keladi.

Chunki maktabimizda bolalarning soch qoʻyishiga ruxsat yoʻq. Qisqartirib borsak ham oʻqituvchilarimizdan dakki eshitamiz: “Mumkin emas, vassalom”.

Soch qoʻyishning nimasi yomon, hayronmiz. Qattiqqoʻllik, talabchanlikni oʻqituvchilarimiz faqat bolalar intilgan narsani taʼqiqlash deb tushunsalar kerak.

 

Ispandiyor MAHMANAZAROV,

Nishon rayonidagi 8-maktab oʻquvchisi

Ukalarimni oʻylasam...

Gulxanjon, maktab qurib berishga kuching yetmasligini bilaman. Aka-opalarimiz 3 km.uzoqlikdagi maktabni tugatib ketishdi. Biz ham amallab qatnayapmiz. Lekin ukalarim – 6 yoshli kichkintoylarni oʻylasam, xafa boʻlib ketaman. Nahotki, ular ham 10 yil shu ahvolda darsga qatnashadi?! Bunga barham berishning chorasi bormi?

Ochil AHADOV,

Gʻijduvon rayon, Kuybishev nomli maktab oʻquvchisi

Kitob qalb oftobi

Sovuq sinfxonalarimiz haqida gapirmoqchi emasman. Issiq kiyimlarda oʻtirsak ham, darslarni tinglash mumkin. Agar oʻquvchilarga kitob yetishmasa-chi? Unda nafaqat tanang, balki butun vujuding sovuq qotadi. Istagan kitobing maktab kutubxonasidan topilmasa, dars qilay desang, darslik kitob ham 4-5 oʻquvchiga bittadan boʻlsa…

Bizning maktabimizda kitoblar yetishmaydi. Borlari ham eski. Kim aybdor: darsliklar va badiiy kitoblarni yetkazib berolmaydigan nashriyotlarimizmi, borlarini ham notoʻgʻri taqsimlayotgan idoralarmi?

Bolalarning kitobni kam oʻqishayotgani haqida koʻp gapirishadi. Lekin nega shundayligi bilan hech kim qiziqmasa kerak.

Halovat MUSTAFOYEVA,

Andijon oblast Sovetobod rayonidagi

Abdulla Qahhor nomli maktab oʻquvchisi


Kim haq

Gulxanjon! Sen qancha tengdoshlarimizning uyiga kirib, guvoh boʻlasan. Oʻz sahifalaringda ular haqida hikoya qilasan.

Sinfimizda gʻalati hodisa boʻldi. Bitta bolaga ergashib, butun sinf boshqa oʻquvchini yakkalab qoʻydi, seningcha, kim haq? Oʻz fikrini mustaqil himoya qilayotgan oʻquvchimi, yoki bir bolaga koʻr-koʻrona ergashayotgan butun sinfmi? Umuman olganda, oʻzingning haqligingni doʻstlaringga qanday isbot qila olasan? Agar ular oʻz fikrlarida astoydil turib olsalar-chi? Yoki sen ham haqiqatdan yuz oʻgirib, ular bilan til topishib ketarmiding?

Bu savollarimni barcha tengdoshlarimga ham tegishli deb bilaman.

Siz ham shunday holatga tushganmisiz?

DILFUZA,

Xorazm oblasti.

Tahririyatdan:

Qarang, qadrli jurnalxon! Bundan 30 yil muqaddam oʻquvchilar qanchalar dadil fikrlashgan, kamchiliklarga murosasiz boʻlishgan. Oʻzlarini oʻylantirgan muammolar haqida Gulxanjonga yozib, maslahat soʻrashgan va hech qoʻrqmasdan aytish mumkinki, ularning bu dadilliklari oʻsha kamchiliklarni bartaraf boʻlishiga xizmat qilgan. Oʻlab koʻring-chi, ehtimol maktabingiz, mahallangizda ham sizni qiynayotgan muammolar bordir. Balki loqaydlik qilib ularni sezmagandirsiz. Yoki ular haqida yozishga jurʼatingiz yetmayotgandir. Lekin, bugun oʻzingizda dadillikni shakllantirmasangiz, ertaga kech boʻlishi mumkin. Shunday ekan, sizdan ezgulikka xizmat qiluvchi tanqidiy maktublar kutamiz. Axir bejizga ot oʻrnini toy bosadi, deyishmaydi-ku...

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.