Xalqimizning suyukli ijodkorlariga aylangan shoir, yozuvchilarimizning ilk mashqlaridan
“Gulxan”ni haqli ravishda isteʼdodlar beshigi deya olamiz. Bugun xalqimizning suyukli ijodkorlariga aylangan shoir, yozuvchilarimizning ilk mashqlari “Tengdoshlaring ijodi” ruknida jurnalda chop etilgan. Fikrimiz isboti uchun ulardan ayrimlarini eʼtiboringizga havola qilyapmiz.
Ketmon, bolta, xaskash, keksa tol bahsi
Bir kuni ketmonvoy der:
“Menman dunyoda eng zoʻr.
Mensiz yurishmaydi ish,
Mensiz agʻdarilmas yer”.
Buni eshitib bolta
Turolmay jim,
Der: “Mensiz boʻlmaydi ish,
Mensiz boʻlmaydi oʻtin”.
Gapni obqochdi shu payt,
Burchakda turgan xaskash:
“Mensiz yurishmaydi ish,
Mushkul ish xashak yigʻish”.
Bu bahslarni eshitib
Dedi shunda keksa tol:
“Ey xaskash, bolta, ketmon,
Gaplarimga quloq sol.
Koʻp koʻrganman sizlarday
Maqtanchoq man-manlarni.
Mustaqil bajaring ish,
Men koʻrayin sizlarni.
Axir qancha maqtanmang
Barchangizdan zoʻr odam.
Insonsiz bitmaydi ish.
Bermoq kerak bunga tan”.
Dilshod RAJABOV,
Buxoro oblast Shofirkon rayonidagi
4-maktabning 6-sinf oʻquvchisi
1978-yil 7-son
Payrov – parodiya
“Sinfimizdagi Ahmad
Oʻynar doimo shaxmat”.
“Gulxan”ning shu yil 4-sonida eʼlon qilingan Fargʻona viloyati Toshloq nohiyasidagi 14-maktab oʻquvchisi Shuhrat Xolmirzayevning “Ikki yoʻl sheʼr” nomli sheʼridan.
Sinfimizdagi Yashka
Oʻynar doimo shashka.
Sinfimizdagi Jalol
Oʻynar doimo futbol.
Sinfimizdagi Denis
Oʻynar doimo tennis.
Shuhrat doʻstim, aytgin-chi, qani,
Sheʼrdan topdingmi maʼni?
Husan NISHONOV,
Samarqand viloyati
Sovetobod nohiyasidagi
15-maktab oʻquvchisi
1989-yil 12-son
Maslahat
Bir dangasa oʻrtogʻidan soʻrabdi:
– Oʻzimga qolsa kitobni qoʻlimga olgim kelmaydi-ku, oyim hech holi-jonimga qoʻymaydilar. Nima qilsam ekan?
– Kitobni qoʻlga olging kelmasa, stolga qoʻyib oʻqiyver.
Ravshan ISOQOV,
Oʻsh shahridagi 24-maktab oʻquvchisi
1972-yil 9-son
Nima qilay
– Nega dadang darsingni
Tayyorlab berar doim?
– Nima qilay, hisobni
Bilmaydilar-da, oyim.
Maʼmur QAHHOROV,
Qoʻqon shaharidagi 10-maktabning 8-sinf oʻquvchisi
1972-yil 9-son
Gʻalati tush
Oʻtgan kecha tushimda,
Mohir montyor boʻlibman.
Stolbadan tushib ketib,
Sal boʻlmasa oʻlibman.
Koʻp gʻaroyib hangoma
Boʻlib turar tushimda.
Yaxshiyam baʼzilari
Takrorlanmas hushimda.
Toʻlqin ESHBEKOV,
Samarqand oblast Ishtixon rayonidagi
Jdanov nomli 7-oʻrta maktab oʻquvchisi
1974-yil 4-son
Uycha
Bir kun Turdi
Uycha qurdi.
Va maqtandi
Rahimga.
Uyni koʻrib,
Havas qilib
Rahim soʻrar:
– Bu kimga?
– Bilmaysanmi?
Ey, oshna,
Bu – Olapar
Itimga.
Shamolga
“Uv-uv”laysan,
“Uv”laysan,
Chang-gʻuborni
Quvlaysan.
Tinim bilmaysan,
Shamol,
Endi ozgina
Dam ol!
Orif TOʻXTASHEV,
Samarqand oblast Ishtixon rayonidagi
24-oʻrta maktabning 6-sinf oʻquvchisi
1988-yil 12-son
Kunlar
Soatning millari
Nega olmas tin?!
Kunlarim shoshadi
Ulgʻaymoq uchun.
Umidga chirmashib
Kechadi kunlar.
Shamdek yonadi va
Oʻchadi kunlar.
Odamlar shoshadi
Uydan ishgacha.
Va ishdan uygacha –
Tongdan-tungacha.
Shoshadilar faqat,
Hayot oti bilan,
Tiriklik nomi-yu
Doʻst yodi bilan.
Tez-tez oʻtar kunlar,
Qoʻldami bandi...
Kunlar – umr yoʻlin
Shoshqin farzandi.
Habib ABDIYEV,
Surxondaryo oblast Gagarin rayonidagi
2-maktabinng 10-sinf oʻquvchisi
1985-yil 2-son
Qish
Saltanati ulugʻ zulfizar pari,
Safarin boshlabdi yurtimiz sari.
Saman ot jilovin olmish qoʻliga,
Bulutlar momiq qor toʻshar yoʻliga.
Naqqosh qish yulduzdan olib andoza,
Qorlarga har xil naqsh solibdi toza.
Oʻynab bazm qurgach zarrin parchalar,
Kimxob toʻn kiyibdi uylar, archalar.
Qator sumalaklar shaffof, yaltiroq,
Goʻyo boʻgʻotdagi kumush oq taroq.
Tizilib turibdi tip-tiniq daryo,
Oynavand roʻmolin oʻragan goʻyo.
Oppoq boʻyoq bilan boʻyab darchani,
Xursand, mamnun qilib barcha-barchani,
Oʻlkamizda kezib yurar kumush qish,
Shunday, unda olam-olam ish, tashvish.
Kavsar TURDIYEVA,
Toshkent shahridagi 201-maktab oʻquvchisi
1975-yil 2-son