Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yomgʻir tindi... Qoʻshiq tugadi...

Tanishing: ijodkor tengdoshingiz!

Salimjon Ashurov Surxondaryo oblast Lenin yoʻli rayonidagi 17-maktabda taʼlim oladi. Aʼlo oʻqiydi, jamoat ishlarida aktiv qatnashadi. Salimjon bir necha yillardan beri sheʼr, hikoyalar mashq qilib keladi. Uning bir nechta sheʼrlarini jurnalimiz sahifalarida oʻqigansiz.

Bugun biz sizlarni Salimjon Ashurovning yangi mashqlari bilan tanishtiramiz.

 

Yomgʻir tindi

Yomgʻir tindi... qoʻshiq tugadi,

Xayollarim qoldi dildirab.

Qushchalarning hoʻl qanotidan

Kuy sachradi tiniq, pildirab.

Hislarini sovutib oldi,

Atirgulning telba oshigʻi.

Yangrab ketdi bogʻlarga sigʻmay,

Yaproqlarning mahzun qoʻshigʻi.

Yomgʻir tindi... Qoʻshiq tugadi,

Xayollarim qoldi dildirab...

 

Soʻqmoqlarda

Soʻqmoqlarda yalangoyoq yugurdim,

Tovonimni qitiqladi maysalar.

Gʻunchalarda oydin jilvalar koʻrdim,

Daftarimga tushdi oydin misralar.

Soʻqmoqlarda yalangoyoq yugurdim,

Gulbahorni yolgʻiz qarshi olgali.

Tuygʻularim barin toʻkib solgali,

Ogʻushida uzoq-uzoq qolgali.

Soʻqmoqlarda yalangoyoq yugurdim...

Yoʻqotganim sofliklardan topay deb,

Kengliklarni chanqoqlik-la oʻpay deb,

Umid, ishonch bilan xoʻp kutib turdim.

Yodga tushib bolaligim, bolalar,

Adir toʻla alvon-alvon lolalar,

Qoyalarda yigʻlagan shalolalar...

Soʻqmoqlarda yalangoyoq yugurdim.

 

Salimjon ASHUROV

1982-yil 5-son

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.