Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yetuklikning asosi

Gazeta va jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda ustoz ijodkorlarning ommaviy axborot vositalarining taqdiri, jurnalistikamiz ertasi, matbuot sohasining ogʻir ahvolda ekanligi haqida qaygʻurib, kuyinib yozganlarini oʻqib qolyapman. Gazeta va jurnallarning adadi keskin tushib ketishi koʻpchilikni oʻylantirib qoʻydi. Nega bu mavzu seni qiziqtiradi, deb hayron boʻlayotgandirsiz?! Sababi, men ham kelajakda oʻzim havas qilgan, mehr qoʻygan ijodkor ustozlarimdek jurnalist boʻlmoqchiman. Shuning uchun bu yil oʻqishga kirishga astoydil harakat qilyapman. Tengdoshlarim orasida “Bu kasbni tanlab nima qilasan? Undan koʻra maoshi baland, tashvishi kam boʻlgan biror sohani tanlasang boʻlmaydimi?!” deb aytganlari ham boʻldi. Shundan keyin men sinfdoshlarim bilan bu borada suhbatlashdim. Rosti, ularning koʻpchiligi bir necha oylar, hattoki bir necha yillardan beri qoʻliga badiiy kitob olmagan, birorta gazeta yoki jurnal oʻqimagan ekan. Sinfdoshlarim orasida ota-onasi chet elda ishlab, farzandiga qimmatbaho telefonlarni sovgʻa qilib yuborayotganlari ham bor. Ammo biror marta ularning: “Kimdir menga kitob sovgʻa qildi yoki biror nashrga obuna boʻldim”, deganlarini eshitmadim. Achinarlisi, ularning koʻpchiligi har kuni 30-40 ming soʻmni keraksiz, sogʻligʻi uchun zararli boʻlgan narsalarga ishlatib yuborishadi...

Hozirgi kunda nashrlarning adadiga qarab, shuni aytishimiz mumkinki, sanoqli maktab va xonadonlarga gazeta va jurnallar kirib boryapti. Mashhur kishilarning bolalik xotiralarini oʻqiganimda, ularning ota-onalari farzandlarini koʻpgina nashrlarga obuna qildirgani, boʻsh vaqtida koʻproq mutolaa qilishga undagani haqida hikoya qilishadi. Oʻsha nashrlarning hayotda oʻz oʻrinlarini topishida yordam berganligini faxr bilan soʻzlashadi. Taniqli insonlar bolaligi bilan tengdoshlarimni taqqoslab koʻrar ekanman, vaqt oʻtib, ular nimalar haqida xotirlab, faxrlanishlari meni hozirdanoq oʻyga toldiradi. Axir yetuklikning asosi mutolaa-ku!

Biz oilamiz bilan “Gulxan”, “Saodat”, “Jahon adabiyoti” jurnallarini, “Kitob dunyosi”, “Maʼrifat”, “Oila davrasida”, “Jamiyat” gazetalarini muntazam oʻqib boramiz. Mazkur nashrlarda yoritilayotgan mavzular dolzarb. Shunga qaramay afsuski, bu nashrlarning adadi judayam kam...

Men yillar oʻtib, kelajakda ommaviy axborot vositalari haqiqiy toʻrtinchi hokimiyat darajasiga chiqa olishiga, katta-yu kichik yana mutolaaga mehr qoʻyib, har bir oʻzbek xonadoniga kamida 5-6 nomdagi gazeta va jurnal kirib borishiga, yana jurnalistikamizning qadr-qimmati oshishiga, yurtdoshlarimiz orasida mutolaa madaniyatining butun holda shakllanishiga chin dildan ishonaman. Ayni paytda oʻzbek tilidan tashqari ikki tilni mukammal oʻrganishga harakat qilyapman. Vaqti kelganida, nasib etib, xorijdagi kasbdoshlarim bilan uchrashganimda ularga: “Mening Vatanimda jurnalistlarning mavqei eng yuqori pogʻonada, ijodkorlarni eʼzozlash boʻyicha esa Oʻzbekistonim birinchi oʻrinda turadi”, deya baralla ayta olishimga ishonaman...

 

Shahrizoda SANAQULOVA,

Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 221-maktabning 11-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.