Momom
Momom yurgan yoʻllarga
Nazar solaman bugun.
Sochlaridek koʻrindi,
Oydin yoʻllar oq, uzun.
Baxtli boʻlgin, deydilar,
Peshonamga bosib lab.
Talpinaman qoshiga
Issiq quchogʻi sabab.
Buvim nasihatlari,
Qulogʻimga zirakdir.
“Balli”, degan soʻzlari,
Gʻayratimga tirgakdir.
Sochlarimni oʻraman,
Oʻsma qoʻyib qoshlarga.
Buvim aytar: “Kirgaysan,
Men ham kirgan yoshlarga”.
Ona tilim
Asrlar toʻfonidan
Omon oʻtgan tilimsan.
Faxr-la kuylagayman
Seni jon-u dilimdan.
Onamning soʻzlaridan
Singding jon-u quloqqa.
Oʻxshatgayman men seni
Yoʻl yoritar chiroqqa.
Har bir soʻzing naqshinkor,
Sensan poklik daʼvati.
Sehring-la koʻrkam erur,
Koʻnglimning husnixati.
Nazokat SHARIPBAYEVA,
Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi