Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tanlovlarda tanilib

Izzatilla kichkinaligida doira chalayotgan dadasini havas bilan kuzatarkan, mitti barmoqlari havoda beixtiyor ijro harakatlarini bajarardi. Unga sovg‘a qilishgan o‘yinchoq doira, pianinolarini chalib o‘zicha “konsertlar” o‘tkazardi. Farzandining xatti-harakatlaridan quvongan Alisher aka Izzatillada musiqaga ishtiyoq borligini sezib, uni Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga olib bordi.

Barcha sinovlarni a’lo baholarga topshirgan Izzatilla bu maskanda xalq cholg‘ulari bo‘limida doira chalishni o‘rgana boshladi. Uning mashg‘ulotlar davomida qo‘l harakati, eshitgan musiqani xatosiz takrorlab berish qobiliyatini payqagan ustozi Sardor aka Nigmatov endi chang sozini chaldirib ko‘rdi va u bilan bu asbobda ham shug‘ullanishni o‘z zimmasiga oldi. Boshqa musiqa asboblariga qaraganda murakkabroq bo‘lgan bu sozni, unda joylashgan notalarni o‘rganish Izzatilla uchun oson bo‘lmadi. O‘z ustida ishlash uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilgan onasi u bilan bir yil davomida darslarda, mashg‘ulotlarda yonma-yon yurdi. Qahramonimiz oyisi aytganidek dangasalik, ortiqcha narsalarga chalg‘imaslik, berilgan topshiriqlarni vaqtida bajarish kerak, degan qoidalarga qattiq rioya qildi.

Maktabdagi darslar va mashg‘ulotlardan charchagan kezlarida ham o‘zi tanlagan yo‘ldan qaytmadi. “E bor-e, birpas o‘ynab olay”, deb ko‘chaga yugurmadi. O‘ziga bo‘lgan ishonch, ustoz sabog‘i o‘z samarasini berdi.

Maktabda bo‘lib o‘tadigan konsertlarda iqtidorini namoyon qilib, ustozlar nazariga tusha boshlagan Izzatillaning birdan-bir orzusi, xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallarda qatnashish, ta’lim bergan ustozlari ishonchini, mehnatini oqlab, sovrindorlar qatoridan joy olish edi. Buning uchun u tinimsiz mashq qilish, salfejo va musiqa, adabiyot fanlarini chuqur o‘zlashtirishi lozimligini angladi.

2015-yil Qozog‘istonning Qarag‘anda shahrida bo‘lib o‘tadigan “Qozog‘istonda bahor” 1-xalqaro ko‘p janrli festivalda qatnashadigan tengdoshlari orasida o‘zining ham nomi borligini eshitgan Izzatilla bundan quvonsa-da, biroz cho‘chidi. Shu bois tanlovga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Natija esa yomon bo‘lmadi. 500 nafarga yaqin iste’dodli tengdoshlari orasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ilk muvaffaqiyati uning intilishlariga qanot berdi. Kelajakda bu sozni mukammal o‘rganish, jahon sahnalarida milliy kuylarimizni ijro etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritishim kerak, degan maqsad bilan izlanishda davom etdi.

2016-yil Izzatilla uchun omadli keldi. Italiyada bo‘lib o‘tgan “Citta Di Pesaro” XIII xalqaro ko‘rik-tanlovida qatnashib, 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Mahorati bilan hay’at a’zolari va ko‘plab tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Izzatilla yana Italiya va Vatikan davlatlarida o‘tadigan xalqaro festivallarda qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Qisqa vaqt mobaynida mashg‘ulotlar uni biroz toliqtirgan bo‘lsa-da, maqsadiga erishish uchun kurashishdan to‘xtamadi. Jahon sahnalarida sovrindorlar qatoridan joy olganini eshitgandagi hayajonini Izzatilla shunday eslaydi:

– Birinchi bo‘lib sahnaga chiqishim kerakligini eshitganimda judayam qo‘rqib, hayajon bosganidan ustozimni quchoqlab yig‘lab yuborganman. Tomoshabinlar kuyni ijro qilib bo‘lganimdan so‘ng, chang sozini chalishimga qiziqib, hatto tayoqchalari bilan chalib ham ko‘rishgan. Tanlovda 1-o‘rinni olganimni e’lon qilishganida ham ko‘zyoshlarimni to‘xtata olmaganman. Ikkinchi marotaba Italiyaga borishim, tug‘ilgan kunimga to‘g‘ri keldi. Orkestrlar jamoasi meni “Tug‘ilgan kuning bilan” musiqa sadolari ostida kutib olishgandagi quvonchimni ifoda qilib bera olmayman. Ayniqsa, Vatikan davlatida bo‘lib o‘tgan xalqaro festival hech esimdan chiqmasa kerak. Bizning ijromiz yuqori baholanib, sovrinlarimizni Rim papasining qo‘lidan olganimda, O‘zbekiston farzandi ekanligimdan g‘ururlanganman.

Qisqa vaqt mobaynida uch marotaba xalqaro ko‘rik-tanlovlarda sovrindor bo‘lib qaytganim, yurtimizda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligidan, deb o‘ylayman. Hozirda ustozim bilan 2017-yil Dubayda bo‘lib o‘tadigan X xalqaro ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rayapmiz, – deya so‘zida davom etdi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 6-sinf o‘quvchisi Izzatilla Toshkenboyev.

Oldiga qo‘ygan maqsadi sari ildam odimlayotgan qahramonimizning orzu-umidlarini eshitib, u bilan yana yuksak marralarni zabt etganda uchrashishni niyat qilib, xayrlashdim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.