Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

To‘ti buvining tavsiyasi

O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova Vakila buvijonimning yaqin dugonasi. Buvijonim bilan tez-tez ular xonadoniga borib turamiz. To‘ti ayam judayam samimiy, mehribon. Meni ham o‘z nabiralaridek yaxshi ko‘radilar, miriqib suhbatlashamiz.

Mehmonga qo‘limda kitob-jurnallar bilan kirib borganim uchun bu galgi suhbatimiz kitob haqida, uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida bo‘ldi.

– Kitobni hayotimizdagi o‘rnini ota-bobolarimiz qadimdan yaxshi bilishgan. Bejiz xonadonlarimizda, choyxonalarda yig‘ilib she’rxonlik qilishmagan. Chunki kitob o‘qigan, she’r yodlagan odam undan o‘ziga xulosa chiqargan, kitobdagi hikmatlarga amal qilib kam bo‘lmagan. Men o‘quvchilik paytimda badiiy kitoblar kam edi. Birgina “Navoiy” romanini o‘qish uchun bir oy navbat kutganman. U paytlar hamma kitob o‘qishga intilardi. O‘qigan kitoblarimiz haqida munozaralar qilardik. Insholar yozardik.

Hozir kitob do‘konlariga kirsam, mashhur yozuvchilarning bir-biridan chiroyli bezalgan kitoblarini ko‘rib quvonib ketaman. Afsus, keksalik tufayli ko‘p kitob o‘qishga kuchim yetmaydi. Yoshlarning esa kitobga qarashga “vaqti yo‘q”, qo‘lidan telefon tushmaydi. Shu meni xafa qiladi. Lekin o‘zim vaqt topib nabiralarimga ertak kitoblar o‘qib beraman. Ular mazza qilib eshitishadi. Ertaga kelsang, senga ham “Oygul bilan Baxtiyor” ertagini aytib beraman. Qulog‘ingga ham, yuragingga ham yoqadi. Negaligini bilmadim-u, bolalarga buvilari aytgan ertak, rivoyatlar juda manzur bo‘ladi. Quloqlarida qoladi.

Aytmoqchi, Ibrohimjon, qo‘lingdagi “Gulxan” jurnali bor-ku, uni men uzoq yillardan buyon o‘qiyman. Shoira singlim Oydin Hojiyeva shu jurnalga rahbarlik qilganda har oyda yangi sonidan sovg‘a qilardi. Bu “Gulxan” juda ko‘p shoir-u adiblarga ustoz bo‘lgan. Birinchi she’rlari, hikoyalari “Gulxan”da chiqqan. Hozir ham “Nishona” sahifasida o‘quvchi bolalarning yaxshi, puxta she’rlarini o‘qib, bolalarimizning chuqur bilimli, dunyoqarashi kengligini ko‘rib suyunaman. Nabiralarim ham jurnalni qiziqib o‘qishadi.

Kitob, jurnal bolalarning ma’naviyatini oshiradi. Ma’naviyatli bola odobli, aqlli bo‘ladi. Ota-onasining yuzini yorug‘ qiladi. Men o‘g‘il-qizlarimga, nabiralarimga eng avvalo, o‘zbek adiblarining asarlarini o‘qishni tavsiya qilaman. Negaki, bu kitobni o‘qigan bola o‘zbekona urf-odat, axloq-odobni o‘rganadi, o‘zligini taniydi. O‘zlikni anglash esa dunyoga teran ko‘z bilan qarashni o‘rgatadi, – dedilar To‘ti ayam boshimni silab.

 

Ibrohim RIXSIBOYEV,

Toshkent shahar Olmazor tumanidagi

1-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.