Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zomin qaldirg‘ochlari

Bu yil birinchi marta Yoshlar seminarida bolalar adabiyoti bo‘yicha hujjat topshirgan ijodkorlarga  rahbarlik qildim. Menga yoshlarimizning intiluvchanligi, tashabbuskorligi, seminarda  o‘zining o‘sishi, ijodiy ravnaqi uchun sidqidildan harakat qilishgani yoqdi. Biri biridan beg‘ubor bu yoshlar aynan bolalar uchun ijod qiluvchilar bo‘lib tug‘ilgandek. Biz tahlillar qildik, nazariy tushunchalar haqida suhbatlashdik, berilgan mavzu bo‘yicha, ya’ni yangi texnologiyalarga bag‘ishlangan she’rlar, hashar she’r yozdik. Yosh ijodkorlarga bolalar adabiyoti, nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham adabiyot ekanligini uqdirishga harakat qildim.

Kavsar TURDIYEVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Yoshlar murabbiyi

 

***

Takabbur

To‘g‘ri, aslin olganda

Vatandoshmiz sen bilan.

O‘ksinma-yu, piyolam,

Orqadasan zamondan.

 

Mana men, turli millat

urf-odatin bilaman.

Salomlashsam yapondek

yengil ta’zim qilaman.

 

Bu holingda o‘zingdan

Ko‘ngling qanday bo‘lar to‘q?!

Sen sho‘rlikning hattoki

Boshingda shlyapang yo‘q!..

 

Mohigul HAMIDOVA

 

***

Bola ko‘ngli dalada

Ona girdikapalak,

Bola ko‘chada halak.

Dardi-fikri koptokda.

Yuguradi oftobda.

 

Mushtipari intizor,

Tanbehlari etmas kor.

Bolalar o‘ynar futbol,

To‘p tepib, baqirar: “GOL”.

 

Shahzoda FAYZULLAYEVA

 

***

Nuqtaning hazili

Garchi kichik nuqtaman,

Lekin zo‘r huquqdaman.

Bahsni qil qisqaroq, deyman,

Me’yorni ham bil, deyman.

Gap tugaydi shu joyda,

Axir, ko‘p gap - befoyda.

 

Barnoxon RAJABOVA

 

***

Tanishuv

Bolta der: “Men kuchliman,

Ham o‘tkirman, uchliman.

Temirdan mening tanam,

Chirimayman tegsa nam.

Mensiz yorilmas to‘nka,

Juda ham zo‘rman chunki.

Mening tig‘imdir olmos,

Qirqar-u yorar, tolmas”.

 

Farangiz ACHILDIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.