Oq yo‘l
Jizzaxlik o‘quvchi – Mashhura Yoqubjonovaning she’rlarini o‘qir ekanman, uning o‘z aytar so‘zi, o‘ziga xos falsafasi borligiga amin bo‘ldim. U sodda, jo‘n holatlardan ham ma’no topib, she’r yoza oladi. “Yig‘ina boshlaydi xo‘rsinib oqshom”, “Ariqlar yosh boladek qiyqirishib oqadi”, kabi chiroyli o‘xshatishlarini o‘qiganingizda she’riyatdagi badiiy obrazlardan unumli foydalana olishiga ishonch hosil qilasiz. Kelajakda haqiqiy shoira bo‘lish uchun izlanayotgan, o‘z ovoziga ega bo‘lishga intilayotgan Mashhuraga omad tilayman.
Shodi OTAMUROD,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi
Tong
Ko‘zlarin ohista ochadi gullar,
Iforin sochadi sarrin havoga.
Yuragimni tutib quloq solaman,
Bulbullar kuylagan ajib navoga.
Kokilim o‘ynoqlab to‘ymaydi sira,
Go‘yo shabbodalar ularga maftun.
Ariqlar sharrosi, maysa kulgusi
Tabiat aks etgan ajib bir fusun.
Atirgul bargini bezaydi shudring,
Ariqlar labida qolib ketar shom.
Surati namoyon bo‘lganda tongning,
Yig‘ina boshlaydi xo‘rsinib oqshom...
Yoz
Quyoshbobo samodan
Xursand bo‘lib boqadi.
Ariqlar yosh boladek
Qiyqirishib oqadi.
Turfa meva g‘arq pishgan,
Fayzga to‘la dasturxon.
Tilyorar qovunlar-u,
Qip-qizargan shirmoy non.
Shodon baliqlar kabi
Hovuzlarda cho‘milib,
Salqin bog‘ni kezamiz,
Sevinchlarga ko‘milib.
Qalam va yo‘ng‘ichvoy
Bir kun arz qildi qalam:
– Menda bordir bir alam.
Tirnab xo‘p o‘tkirlaysan,
Tugab borar umrim ham...
Yo‘ng‘ichvoy dedi hayron:
– Kechir meni, qalamjon.
Senga yomonligim yo‘q,
Tutar meni bolajon.
O‘tkirlayman, charxlayman,
Chiroyliroq yozgin deb.
Chizgan suratlaring ham
Jilolanib tursin deb.
Qalam bo‘lmabdi xafa,
Chiqaribdi xulosa.
Ikkovi do‘st tutinib,
Mehnat qilishar rosa.
Mashhura Yoqubjonova,
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi
50-maktabning 10-sinf o‘quvchisi