Kamronning ahdi
... Kamron 5-sinfda o‘qiydi. U juda ziyrak va qiziquvchan bola. Bir kuni u maktabdan qaytgach, o‘z xonasida dars tayyorlab o‘tirardi. Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Dadasi eshik ochdi.
O‘rta yoshlardagi bir kishi o‘zini, “soliq idorasidanman”, – deya tanishtirib hujjatlarini ko‘rsatdi. Bunga javoban Tohir aka undan kelishining boisini so‘radi.
– Aka, sizdan iltimos, yil oxirlab qoldi, soliqlaringizni o‘z vaqtida to‘lab qo‘ysangiz, shuni eslatish uchun kelgandim.
Buni eshitgan Tohir akaning tepa sochi tikka bo‘ldi:
– Uka, hali ancha vaqt bor, o‘zim borib to‘lab qo‘yaman. O‘z ishimni bilib qiladigan odamman.
– Uzr, aka xizmatchilik... Soliq o‘z vaqtida to‘lansa, davlat byudjeti boyiydi. Byudjet daromadining asosiy manbayi – soliqlar...
– Aql o‘rgatmay qo‘ya qoling, hammasini yaxshi bilaman, – ovozini yanada balandlatdi Tohir aka.
– Xo‘p akajon, unda menga ruxsat...
Soliqchi qo‘pol muomaladan o‘ng‘aysizlanib chiqib ketdi. Kamron dadasining muomalasini ko‘rib, hayron bo‘lib qoldi. Bu orada zo‘r-bazo‘r yuradigan Omina xola ham o‘g‘lining baqir-chaqirini eshitib, darvoza yoniga keldi:
– Hay-hay-hay, Tohirjon! Senga nima bo‘ldi, jonim bolam? O‘zi nima gap? O‘zingni biroz bosib olgin, ichkarida otang kasal yotgan bo‘lsa...
– Men ham shuni aytaman-da. Davlat organidanman, deya xohlagan paytida bezovta qilaveradimi? Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab qo‘ying emish.
– Qani, mana bu yerga o‘tiring-chi, bolam, – Omina xola o‘g‘lini hovlidagi so‘riga boshladi. O‘zi so‘rining bir chetiga o‘tirib oldi-da, gap boshladi:
– Avvalo, uyingga kelgan odamga xushmuomalalik bilan javob ber, bu sening burching. Qolaversa, u haqmi-nohaqmi, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishing kerak. Axir, yoshing qirqdan oshgan bo‘lsa... Donishmandlarning bir gapi bor: “Biliming osmonga yetgan bo‘lsa ham, o‘zgalar ilmiga quloq sol har dam”. Soliqchi uyingga kelib, soliqni o‘z vaqtida to‘lang desa, buning nimasi yomon! U to‘g‘ri aytyapti. Soliqlar o‘z vaqtida to‘lansa, bizning nafaqalarimiz ham, ayolingga o‘xshagan xizmatchilarning ish haqlari ham, talaba o‘g‘ling Komiljonning stipendiyasi ham o‘z vaqtida beriladi. Qanchadan-qancha nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar, moddiy yordamga muhtoj insonlar bor. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat mablag‘ni qayerdan oladi?
Omina xola yana qancha gaplarni aytdi. Bu gaplar Kamronga ta’sir qilib, dadasi qilgan xatoni takrorlamaslik uchun, soliq nima ekanligini bilishga qaror qildi. Ertasiga u maktabga barvaqt bordi. Buni qarangki, sinf rahbari Ra’no opa ham erta kelgan, sinfda daftar tekshirib o‘tirardi.
– Assalomu aleykum, ustoz!
– Voy, Kamron, bugun erta kelibsanmi?
– Ustoz, sizga savolim bor edi...
– Bemalol, so‘rayver bolam. Nima gap?
Ustozning samimiy va mehribonligi Kamronning kayfiyatini ko‘tarib yubordi. U Halima opaning yoniga yaqinroq o‘tirib oldi-da, sekingina “Soliq nima?” deb so‘radi. Halima opa avvaliga hayron bo‘ldi, so‘ngra bolaning qiziqishini so‘ndirmaslik uchun savoliga javob berishga urindi.
Soliq – bu majburiy to‘lov degani. Bu to‘lovdan tushgan mablag‘lar to‘planib, davlat byudjeti daromadlarini hosil qiladi. Byudjet daromadlari esa davlat mudofaa ishlariga, barcha turdagi pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, ish haqi kabi to‘lovlarga sarflanadi. Bir so‘z bilan aytganda, soliq – davlatimizning iqtisodiy tayanchidir. Senga bir voqeani aytib beraman, eshit, xulosani o‘zing chiqarasan.
“Bir zamonda bir mamlakatda qurg‘oqchilik bo‘lib, ekinlar hosil bermabdi. Oqibatda aholi soliqlarni to‘lamay, davlat g‘aznasi bo‘shab qolibdi. G‘aznada mablag‘ bo‘lmagach, podshoh askarlariga, qo‘shiniga yaxshi e’tibor qarata olmay qolibdi. Askarlar kuchdan qolishgach, hatto otlarga ham yemish topilmagan bir paytda yurtga yov bostirib kiribdi va osonlik bilan davlatni qo‘lga olibdi”.
Voqeani eshitgan Kamron ko‘zlarini katta-katta ochib, ustoziga so‘z qotdi:
– Ustoz, endi bildim, davlatni birinchi galda soliqlar boqadi, shundaymi?
– Barakalla, hayotimizda soliq tizimining ahamiyati katta. Soliqchilik kasbi – sharafli kasb. Ular davlatni boyitib, odamlarga o‘z vaqtida ish haqi, pensiya, nafaqalarni yetkazib berishga katta hissa qo‘shadilar.
– Demak, davlat boy bo‘lsa, u qudratli bo‘larkan-da. Bejiz, bobomiz Amir Temur “Boy davlatning askari baquvvat bo‘lur” demagan ekan. Soliqlar birinchi navbatda mamlakat mudofaasiga xizmat qiladi, dedingiz. Demak, el-yurt tinchligini saqlash uchun ham soliqlar o‘z vaqtida to‘lanishi kerak ekan-da. Axir, insonga dunyoda tinchlikdan ham qudratliroq, ulug‘roq ne’mat yo‘q-ku. Davlatimiz tinchligini saqlash, salohiyatini oshirish soliqlarga bog‘liq ekan. Men ham kelajakda albatta, soliqchi bo‘laman.
Halima opa o‘zining eng a’lochi, odobi, jamoat ishlaridagi faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan shogirdi Kamronning ko‘zlarida aks etgan qa’tiylik, shijoatni ko‘rib, o‘zida yo‘q quvondi va o‘quvchisini bag‘riga bosdi.
– Barakalla, bolajonim! Maqsadingga yetishishing uchun tinimsiz harakat qilishing, intilishing kerak. Men esa seni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Ustozining bu so‘zlari Kamronga yanada kuch-quvvat bag‘ishladi. Shu kuni u o‘zini dunyodagi eng baxtli insondek his etdi.
...Bugun Kamron o‘zi orzu qilgan soliqchilik kasbini egalladi. Egallabgina qolmay, sohaning yetuk mutaxassisi sifatida tizim rivojiga ulkan hissa qo‘shmoqda. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi arafasida ko‘plab yurtdoshlarimiz qatori Kamron Vahobovning ham samarali mehnatlari qadrlanib, unga “O‘zbekiston mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishoni topshirildi. Farzandining endigina boshlagan faoliyati, kamtarona mehnatlarining qadrlanganidan hammadan ko‘ra ko‘proq dadasi Tohir akaning boshi ko‘kka yetdi. Shu kuni u Kamron bilan bir dasta gul ko‘tarib, o‘zi bir paytlar xafa qilgan, hozir keksalik gashtini surayotgan faxriy soliq xizmatchisi Mirabbos akani yo‘qladi. Chunki u Kamronning mana shu yutuqlarga erishishiga sababchi bo‘lgan eng yaqin insoni, ustozi edi...
Gulshoda Ma’rufjonova,
Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi
3-maktabning 8-sinf o‘quvchisi