“Nishona” to‘garagi a’zolari ijodidan
Shahrixon tumanidagi 51-maktabimizda to‘rt yildan buyon she’riyat klubi faoliyat ko‘rsatmoqda. Uni zukko bolalarning she’rlari chop etiladigan sevimli sahifangizga havas qilib “Nishona” deb nomlaganmiz. “Nishona”ga jonkuyar ustozimiz, Xalq ta’limi a’lochisi Po‘latjon Boynazarov rahbarlik qiladi. Eng qizig‘i, Po‘latjon domla tasviriy san’at va chizmachilik o‘qituvchisi. Biroq chinakam adabiyot muxlisi. Ustoz Bo‘z pedagogika kollejida dars berganlarida o‘z ijodlari bilan O‘zbekiston xalq shoiri To‘lan Nizom e’tiboriga sazovor bo‘lgan ekanlar. U kishi “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi.
Domla zimmalaridagi shuncha ishlardan ortib biz bilan qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tishga vaqt topadilar. Adabiyot, adabiy jarayonlar haqidagi yangiliklardan xabardor qiladilar. Mashqlarimizni sinchiklab kuzatib, yutuq va kamchiliklarimizni erinmay tushuntiradilar. Klubimiz tumanda ancha mashhur. Yozganlarimiz tuman gazetasida chop etib turiladi. Ustoz tufayli adabiyot, badiiy asarlar bilan yaxshigina tanishib boryapmiz. Biz ustozdan minnatdormiz.
Navbahor O‘KTAMOVA,
“Nishona” klubi a’zosi
Tahririyatdan: Biz “Nishona” klubi faoliyati bilan tanishish asnosida Po‘latjon domlaning ijodi chindan ham kishi diliga yaqin ekanligiga guvoh bo‘ldik. Va mushoirani ustozning quyidagi she’ri bilan boshlashga qaror qildik.
Vatan, koringga yaray
Tuprog‘ingga qorishib,
Ulg‘ayibman bir qara.
Mehring bilan to‘lishib,
Kuchga to‘libman mana.
Vatan, koringga yaray,
Xizmatingga shay turay.
Ota-onam bag‘rida
Toyday chopqillab yuray.
Mag‘rur ko‘tarib boshim,
Madadkordir Yurtboshim.
Buyuk marra bizniki,
Qutlug‘dir bugun yoshing.
Po‘latjon BOYNAZAROV
Bir niholman
Yurtim, sening bog‘ingda
O‘sayotgan niholman.
Kuchga to‘lib bag‘ringda
Porlaguvchi iqbolman.
Erta bir kun ulg‘ayib
Aylanaman faxringga.
Chunki qonib boryapman
Ona vatan, mehringga.
Umidjon HABIBULLAYEV,
5-sinf
Qishlog‘im
O‘tmishlardan sado beradi,
Bir muloyim sabo yeladi,
Dilga yaqin navo keladi,
Nayga navo bergan qishlog‘im.
Subhidamda qoshida hilol,
Kelinlari darvoza ochar.
Ostonasin gulga to‘ldirib,
Xushbo‘y atrin atrofga sochar.
Bobolari duolar qilar,
Ro‘zg‘origa baraka tilar.
Kindik qonim to‘kilgan yurtim –
Naynavoning iqboli kular.
Muhayyo ABDUMANNOPOVA,
6-sinf
G‘aroyib kecha
Bu tun boshqacha kechdi,
Birdan uyg‘onib ketdim.
Ne qilarim bilolmay,
Tun poyoniga yetdi.
Uyqumni tutay desam,
U “qochdi” misli quyon.
Barchasiga sababchi,
Dilimni qilgan xufton
Bilib qoldim – aybdor,
Ekan adashgan sichqon.
Muhammadali RAHIMOV,
8-sinf