Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Yosh qalamkash” to‘garagi a’zolari ijodidan

Mana bir necha yildirki, G‘ijduvon tumanidagi 27-maktabda “Yosh qalamkash” to‘garagi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Adabiyotga, shoirlikka qiziqqan bolalardan tashkil topgan bu to‘garakka adabiyot muallimi, ijodkor o‘qituvchi Zuhra opa Hamroyeva rahbarlik qiladi. Zuhra opa havaskorlarga she’r yozish qonun-qoidalarini o‘rgatibgina qolmay, ulardan mustaqil fikrlash, atrofni kuzatish, kuzatganlarini o’ziga xos tarzda bayon qilishni ham talab qiladi. To‘garak a’zolari yozgan mashqlarda ana shu talabchanlik samarasini ko‘rdik. Quyidagi she’rlarni o‘qigach, siz ham fikrimizga qo‘shilasiz, deb o‘ylaymiz.

 

O‘zbekiston bayrog‘i

 

Ona Vatan, bayrog‘ing

Faxrimizdir hamisha.

Zafarlarga chorlasin,

Dengiz, ummonlar osha.

Shu muqaddas yaloving

Ko‘zimizga to‘tiyo.

U mag‘rur hilpirasin,

Turgunicha bu dunyo.

 

Shahzoda NODIROVA,

4-sinf o‘quvchisi

 

 

Kuz

 

Oltin kuz sepin yoydi

Dala, qir, o‘tloqlarga.

Sabzavot va mevalar

Yetildi chorbog‘larda.

 

Hosil yig‘ar dehqonlar,

Deya, nobud bo‘lmasin.

Men aytaman, mehnatkash

Bog‘bon bobom tolmasin.

 

Inobat NODIROVA,

4-sinf o‘quvchisi

 

 

O‘zbek ayoli

 

Chehrasidan oftob taft olar,

Alla aytsa, qushlar tin olar,

Qalbingizga muhabbat solar,

O‘zbegimning har bir ayoli.

 

Tinch bo‘lsin, der yer-u samoni,

Bolam, deya chekar jafoni,

Gullatishga qodir dunyoni,

O‘zbegimning har bir ayoli.

 

Sabina KOMILOVA,

8-sinf o‘quvchisi

 

 

O‘zbegim askarlari

 

Chiniqqan, chaqqon, ziyrak,

Polvon, epchil, dovyurak,

Qo‘rqmas, jasur, sherbilak

O‘zbegim askarlari.

 

Bobolarim bor yodi,

Jaloliddin zuryodi,

Dildadir qasamyodi,

O‘zbegim askarlari.

 

Qo‘lda yurtning bayrog‘i,

Yov kelganda yarog‘i,

Xalqning suyangan tog‘i

O‘zbegim askarlari.

 

Dilobar RAHMONOVA,

8-sinf o‘quvchisi

 

 

Ustoz

 

Qalbimga yorug‘lik baxsh etib ustoz,

Ilk bor tanitdingiz menga olamni.

Ilm mash’alini yoqib yo‘limga,

Tutdingiz qo‘limga sirli qalamni.

 

Bag‘ringizga olib, mehrga to‘lib,

Shogirdlar boshini suyib, silaysiz.

Onamizdek asrab, parvona bo‘lib,

Bizlarga omad-u iqbol tilaysiz.

 

Hatto dunyolarni bersak kam derdim,

Bir bora ranj chekkan sabog‘ingizga.

Olam gullarini to‘ldirar edim,

Bayram bilan bugun quchog‘ingizga.

 

Mohinur MURTAZOYEVA,

9-sinf o‘quchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.