Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sheʼr qanday yoziladi?

Sheʼr yozish ham, ilhom deb atalgan neʼmat ham aslida qiyosi yoʻq sirli-sehrli jarayon. Masalan, oʻnta shoirdan: “Sheʼr qanday yoziladi?” deb soʻrasangiz, oʻn xil javob eshitasiz, yoki oʻnta shoirning, deylik, ona mavzusidagi oʻnta sheʼrini topib oʻqisangiz, ular oʻn xil yozilganini koʻrasiz. Bu holat sheʼrning oʻziga xos hodisa, oʻziga xos yangilik sifatida dunyoga kelishidan darak beradi. Sheʼr yozishni mashq qilish uchun, avvalo, sheʼrning oʻzi nima ekanini bilib olish, tushunish, his qilish, texnikasini puxta egallash zarur boʻladi. Adabiyotshunos olimlarimiz sheʼrga: “Fikrning his-tuygʻuga qorishiq ifodasi, hayajonli sheʼriy nutq, maʼlum ohangga ega badiiy asar”, deb taʼrif berishgan. “Sheʼr” soʻzi arabcha boʻlib, tarjimasi shuur, sezgi degan maʼnoni ifodalaydi.

Bu fikrlardan quyidagi xulosani chiqarishimiz mumkin.

Birinchidan, sheʼrda albatta fikr va tuygʻu boʻlishi, u oʻquvchini hayajonga solishi kerak.

Ikkinchidan, qoidasiga koʻra sheʼrdagi soʻzlar maʼlum bir tartib, ohangga ega boʻlishi lozim. Bu tartib boʻgʻin, turoq va qofiyada koʻrinadi.

Uchinchidan, mazmun va shaklni bir butun holda, badiiy tarzda ifodalash, yoritish kerak.

“Badiiy” degani nimaligini bilasizmi? Badiiy degani, sodda qilib aytsam, voqeani, qalamga olinayotgan fikrni bayon qilish emas, balki, aksincha, timsol (obraz) orqali tasvirlash deganidir.

Keling, shu fikrimni bir tarjima sheʼr misolida tushuntirib beray. Masalan, mart oyida goh yomgʻir yogʻadi, goh izgʻirin boʻladi, qorlar erib ketadi, daraxtlar kurtak chiqaradi, degan fikrni badiiy tarzda shunday yozish mumkin.

Goh izgʻirin, goh yomgʻir,

Goh koʻkda kular oftob.

Soya joylarga qochar,

Qorlar bera olmay tob.

Daraxtdagi kurtakcha

Oʻzin ulgʻaygan bilib,

Yashil tilin koʻrsatar

Qishni kalaka qilib...

 

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, V. Orlovning bu jajji sheʼrida manzara, jonlantirish, qiyoslash, hatto yumor bor. Mana shu holatlar badiiylikni tashkil etgan bu mashqda.

Sheʼr qanday yoziladi, degan savolga javob berishdan oldin, kimlar sheʼr yoza olishi mumkin, degan savolga javob topsak, maqsadga muvofiq boʻladi.

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov nomini eshitgansiz. Shoirning koʻplab bolalarbop sheʼrlari maktab darsliklariga kiritilgan.

Shu ustoz shoirimiz bir kitobida shunday voqeani qayd etadilar. “Alqissa, uchta ayol qishloq yoʻlida gaplashib ketishayotgan ekan. Ularning birinchisi: “Mening oʻgʻlim shifokor boʻlsa kerak, nega desangiz, hozirdan qaysi kasalga qanday dori kerakligini aytib beradi”, debdi. Ikkinchi ayol: “Mening oʻgʻlim hisobchi boʻlsa kerak, chunki hozirdan hisob-kitobni yaxshi koʻradi”, debdi. Uchinchi ayol oʻz oʻgʻlini shoir boʻlishini taxminlabdi, chunki u hozirdan yolgʻon gapirar ekan...”

Fahmlagan boʻlsangiz, biz shu misol orqali sheʼrning asosiy ustuni, yaʼni poydevori nima ekanini topib oldik, hisob. Ha, bu oʻsha – qayta-qayta takrorlab kelayotganimiz – badiiy timsollarga asoslangan “yolgʻon”ning oʻzidir. Bu yolgʻonda, shoirimiz yozganlaridek, buyuk ishontirish kuchi mujassam.

Sheʼrda, tuzajak satrlarimizda inson koʻnglini yuksakliklarga koʻtaruvchi, ruhini poklovchi, hayotga, Vatanga muhabbatini oshiruvchi timsollarni, tasvirlarni, yaʼni badiiy toʻqimalarni ishontira oladigan darajada samimiyat bilan yoza olsak, yoza bilsak, sheʼr shuncha yuksaklikka parvoz qiladi, qadr topadi.

 

Olmos mening yuragim,

Tolmas mening yuragim.

Kim aytadi sheʼrimda

Qolmas mening yuragim.

 

Sevimli bolalar shoiri Qudrat Hikmatning shu toʻrtligini qachon yodimdan oʻtkazsam, qalbim umid va farahga toʻladi. Shoirning “yolgʻon”iga maftun boʻlaman. Darhaqiqat, ijodkorning yuragi oldida olmos nima degan gap. Shoir qalbining oʻzi olmos-ku, axir!

Sheʼr yozsangiz, oʻquvchi qalbini toʻlqinlantiring. Qoʻlingizdan kelsa, uni kuldiring, uddasidan chiqsangiz, yigʻlatib, koʻnglini boʻshating, yuragiga ezgulik urugʻlarini soching.

Onalar haqida ham minglab sheʼrlar yaratilgan. Sheʼrlar bir-biridan ajoyib, birining oʻrnini ikkinchisi egallay olmaydi.

Ona yuragi haqidagi sheʼriy rivoyat ana shunday goʻzal asarlarning biridir. Uning tarbiyaviy ahamiyati juda katta.

Rivoyat qilishlaricha, onaning yolgʻiz oʻgʻli bir qizga oshiq boʻlib qolibdi. Qiz yigitning muhabbati chin yoki yolgʻon ekanini sinamoqchi boʻlib, unga “agar meni sevsang, borib onangning yuragini sugʻurib kelasan”, deb shart qoʻyibdi. Oh, shoʻrlik yigit, ikki oʻt ovorasi! U bir gal qizning oldiga quruq qoʻl bilan qaytibdi, ikkinchi safar bugʻining yuragini eltibdi. Uchinchi safar volidasining yuragini qoʻliga olib chopibdi. Chopa turib, qoqilib yiqilibdi. Ana shunda giryon ona yuragi tilga kirib:

Oh, qattiq tushmadingmi,

Bechora bolaginam (!) deb figʻon chekibdi.

Onaizorning oʻz farzandiga boʻlgan mehr-muhabbatini bundan oʻtkazib tasvirlashning iloji bormikan?

Payqaganingizdek, sheʼr yozish boshqalar ijodini oʻrganish, fikr yuritish, muqoyasa (solishtirish)dan boshlanadi.

Sheʼr tabiatiga koʻra har xil: quvnoq, mahzun, hikmatga boy, bir soʻz yoki bir voqea hodisa asosida qurilgan boʻlishi ham mumkin.

Ifoda uslubi qanchalar ravon, satrlar samimiy, fikr teran boʻlsa, sheʼr shuncha salmoq kasb etib, oʻquvchi qalbiga muhrlanadi. Qisqalik, loʻndalik, ortiqcha tasvir va soʻzlardan xolilik asarning husniga husn qoʻshadi.

Abdulla Oripovning ona haqidagi sakkizligini yodga olaylik. Shoir bu sheʼrida osmonda bir yulduz uchsa, bir inson taqdiri nihoya topadi, degan aqidaga ijodiy yondashib, purhikmat fikrni, toʻgʻrirogʻi, chorlovni ilgari suradi. Ona dunyodan oʻtsa yulduz nima boʻlibdi, hatto osmon qulab tushsa arziydi, deyiladi sheʼrda. Shoir bu bilan, onangni hayotligida ardoqla, qadriga yet, onadan ayrilish – osmonsiz qolishning baayni oʻzi, deydi.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu bayonlarning barchasi oʻsha, yuqorida takror-takror yodga olganim “yolgʻon”ga asoslangan.

Bu yolgʻon inson koʻnglini mehrga toʻldiradi, uni hayotga boshqacha koʻz, nigoh bilan qarashga undaydi.

Yanglishmasam, sheʼrning taʼsir kuchi, joni mana shunda.

 

Abdurahmon Akbar

 

(“Gʻaroyib avtobus” kitobining “Jonimning suratlari” boʻlimidan olindi)

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.