Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sheʼr yoʻli

Aziz muxlis, siz bilan bir qur bolaligimni eslab, bahonada adabiyot, sheʼr, qisman shoirlik haqida suhbatlashib oldim. Koʻnglimdan joy olgan baʼzi sheʼrlarni ilindim. Sizda sheʼr haqida ozmi-koʻpmi tasavvur, tushuncha hosil boʻldi. Endi bevosita “sheʼr” yozish darsiga oʻtsak. “Gapingiz gʻalati, sheʼr degan narsa dabdurustdan toʻqib yozilmaydi, balki yurakda tugʻiladi deyayotgan edingiz-ku”, – deysizmi? Bu mulohazangizda jon bor.

Darhaqiqat, u qalbda qoʻshiqday tugʻiladi, ilhom bilan qogʻoz betiga koʻchadi.

Dastlab sheʼrning shakl-shamoyili haqida suhbatlashaylik. Chunki shakl-shamoyilini joyiga keltirmay turib sheʼr yozib boʻlmaydi.

Oʻzingizga maʼlum sheʼriy asarlar satrlardan tashkil topadi. Har bir qatorimiz bir satr, yaʼni bir misra hisoblanadi. Toʻrtlik yozmoqchi boʻlsak, toʻrt satr (misra), sakkizlik yozmoqchi boʻlsak, sakkiz satr (misra) qoralashimiz kerak.

Har bir satr maʼlum boʻgʻinga ega boʻladi. Masalan, birinchi satrimizdagi soʻzlar 9 boʻgʻinni tashkil etsin. Qofiyalanish bu oʻrinda a, b, d, b shaklda boʻla qolsin. Biz yozishni oʻrganayotgan “sheʼr” shakli “Onajon” deb atalsin. Qofiya soʻzlarimiz onajon – a, jonim – b, nuri – d, qonim – b tarzda boʻlsin. Endi bu soʻzlarni toʻldirilmagan satrlar shaklida yozamiz. Mana bunday:

– – – – – – – – – – – – – – -onajon,

– – – – – – – – – – – – – – -jonim.

– – – – – – – – – – – – – – -nuri,

– – – – – – – – – – – – – – – -qonim.

Yodingizda boʻlsa, boʻgʻinli ravishda 9 ta deb olgan edik. Demak, birinchi satrni toʻldirish uchun yana 6 ta boʻgʻinli (chunki “o-na-jon” soʻzi 3 boʻgʻin), 2,3, 4-satrlarni toʻldirish uchun esa har bir satrga 7 boʻgʻinli, mazmunga mos soʻzlarni topib, qoʻyishimiz kerak boʻladi. Masalan, toʻrtlikni mana bunday toʻldiramiz:

Onajonim, aziz onajon,

Qurbon boʻlsin sizga bu jonim.

Siz oʻzingiz koʻzimning nuri,

Siz oʻzingiz qalbdagi qonim.

Mana sizga xomaki “sheʼr”ning tuzilishi. Qarang, hammasi joyida: qofiya bor. Har bir satr 4+5=9 boʻgʻin shaklida. Hatto, maʼnoni kuchaytirish uchun “Siz oʻzingiz”, “Koʻzimning nuri” kabi iboralar aynan oʻxshatish, sifatlashning oʻzi. Goʻyo ozgina xulosa yasasak, sheʼr qiyomiga yetadigandek.

Bu aslida, aldamchi hissiyot. Rosti, bu “toʻrtligimiz”da oʻquvchiga ruhiy ozuqa beradigan, koʻngilni hayajonlantiradigan topilma – yangilikning oʻzi yoʻq. Hammasi barchaga maʼlum gaplar. Shuning uchun ham bu satrlar hech kimni qiziqtirmaydi. Endi shu “xomashyo”mizni a, a, b, b va a, a, a, b shakllariga solib ham qogʻoz qoralashimiz mumkin. Deylik, mana bunday:

 

 

1-variant:

Onajonim, onajon, (a)

Bu jonim sizga qurbon. (a)

Koʻzim nuri oʻzingiz, (b)

Qalbim qoʻri soʻzingiz. (b)

 

2-variant:

Ey, aziz onajonim (a)

Qurbon sizga bu jonim (a)

Oʻzingiz yurak qonim, (a)

Oʻzingiz koʻzim nuri. (b)

 

Koʻryapsizmi, sheʼr texnikasi qanchalar sodda. Kitob, daftar, koptok, ruchka, kaptar va hokazolar haqida ham mana shu tarzda istagancha qogʻoz qoralash mumkin. Biroq, ming afsuski, ularning birortasi ham sheʼr boʻlolmaydi va “xoʻsh nima boʻpti?” degan haqli savolga “hech nima” degan javobni oladi. Gap sheʼr texnikasini bilishda emas, sheʼrni yoza olishda, izlashda, izlanishda. Haqiqiy sheʼrni topish, yozish uchun esa muntazam kitob oʻqish, hayotni kuzatish, topqir, izlanuvchan boʻlishga intilish kerak. Chunki qancha koʻp kitob oʻqilsa, shuncha koʻp fikr yuritiladi, koʻngilda mulohaza tugʻiladi.

Sheʼr texnikasi haqida mulohazalarim bayonini ona mavzusi bilan boshlagan edim, uni shu mavzudagi sheʼr bilan yakunlayman.

Faraz qiling, onangiz gulzorda sayr qilib yuribdi. Ochilgan gullar juda koʻp. Onangiz qadam tashlagani sari ular tebranib, egilib ketmoqda. Chunki qoʻli, etagi unga tegyapti-da. Shu holatni moldovan shoiri Stefan Tudor mana bunday tasvirlaydi:

 

Bu dunyoda onamlardek

Menga aziz inson yoʻq,

Yiroq ketsa koʻzlarimni

Ololmayman yoʻlidan.

 

Onam shunday mehribonki,

Onam shunday muniski,

Bogʻga kirsa atirgullar

Oʻpa boshlar qoʻlidan...

 

Iloyim hammamizning onalarimiz hamisha salomat boʻlishsin.

 

Qalb qoʻshigʻi

Yana sheʼrning yozilishi haqidagi fikrlarimizni davom ettiramiz. Zero, u haqda qancha soʻzlashsak va bahslashsak, shuncha oz. Donishmand shoirimiz Asqad Muxtor yozganidek, “uni tanimagan shoʻrliklar ayanch”(li). Omon Matjon eʼtirof etganidek “sheʼriyat hammaning oʻzi, oʻzligi...” Bu haqda soatlab soʻzlash mumkin. Muhimi bu emas, muhimi, sheʼrni yurakdan his qila bilishda, soʻzga hurmat bilan yondashishda. Ehtimol bu gaplarim magʻzini chaqishga qiynalyotgandirsiz? Hechqisi yoʻq, oʻsib-ulgʻaysangiz, umid qilamanki, bu oʻgitlar magʻzini albatta chaqasiz.

Ha, yaxshi sheʼr yozish, yaxshi shoir boʻlish qiyin. Bunga uzoq yillar izlanish, oʻqish, uqish, mashaqqatlar chekish hisobiga erishiladi. Shoirlikning murakkab tomonlari ham bor. Garchi bu yumush “hunar” sanalmasa-da, koʻplab shoir va yozuvchilarning asarlarini oʻqib chiqishingiz, jahon adabiyoti durdonalari bilan tanishishingiz lozim boʻladi. Dunyoqarashingizni kengaytirish, adabiy jarayon va adabiy muhitdan uzilib qolmasligingiz uchun qiziqish doirangizga kiruvchi adabiyotlar va vaqtli matbuot nashrlarini muntazam ravishda kuzatib borishingizga toʻgʻri keladi. (Bu shart) Shoirlik qaysidir maʼnoda sobitlik degani ham. Shoirlikning yana bir qiyin tomoni, oʻzingizni oʻzingiz va boshqalarni takrorlamasligingiz kerak. Bir sheʼringiz ikkinchi sheʼringiz oldida “xom”ligi uchun “yelka” qisib qolmasligi lozim. Bunday holga tushmay degan shoir sheʼr ustida tinmay ishlab, mahoratini oshirib boradi.

Deylik, Vatan haqida sheʼr yozmoqchisiz. Bunga, avvalo, ruhan tayyormisiz? A. Oripov, E. Vohidov, M. Yusuflar Vatan haqida qanday sheʼrlar yozishgan? Siz ularga yetkazib nima demoqchisiz? Umuman, aytmoqchi boʻlgan gapingiz oʻquvchiga kerakmi? Uni qiziqtiradimi? Yurakni hayajonga sola oladimi? Sheʼr yozishdan oldin shular haqida obdan oʻylab olishingiz kerak. Takror boʻlsa ham aytaman, asar boshidan to oxiriga qadar koʻngilda tugʻilib, koʻngilda pishib yetiladi. Soʻng qogʻozga bitiladi. Tahrir qilinadi, pardozlanadi, “dam yediriladi”.

 

Abdurahmon Akbar

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.