“Boriga baraka” pirogi
Baʼzan muzlatkichda yarim piyola qaymoq, banka tagida uch-toʻrt qoshiq qatiq yoki ozgina smetana, mayonez qolib ketgan boʻladi. Agar bu masalliqlar aynib ulgurmagan boʻlsa, ularni uvol qilmay, hammasini bir togʻorachaga soling. Unga 2 ta tuxum, bir stakan shakar, yarim choy qoshiq choy sodasi va un qoʻshib, oʻrtacha yumshoqlikdagi xamir tayyorlang. Tayyor xamirni ikkiga boʻling, biri xiyol kattaroq boʻlsin. Kattasini gaz patnisiga yoying. Uch dona olmani tozalab, yupqa qilib parraklab kesib chiqing. Yoyilgan xamir ustiga biroz un sochib, olma parraklarini bir tekisda tering va yuzasiga ozroq qand upasidan seping. Olma parraklarining ustiga malina yoki qulupnay murabbosidan uch-toʻrt qoshiq quyib chiqsa ham boʻladi. Soʻng ikkinchi boʻlak xamirni joʻvada yoyib, patnisdagi birinchi boʻlak ustiga yoping va chetlarini bir-biriga yopishtirib, barmoq bilan chimdib, shakl bering. Pirog ustiga tuxum surtib, gaz pechiga 30-40 daqiqa oʻrtacha olovga qoʻying. Pirogning usti qizarib pishib chiqqach, yuzasiga qand upasidan seping. Tayyor pirog sovigach, uni rombik yoki toʻrtburchak shaklida kesib dasturxonga tortishingiz mumkin.