Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chanqovbosti shartbatlar

Yozda tez-tez chanqaymiz. Muzday-muzday suv yoki mors, har xil sharbatlarni ichgimiz keladi. Kola, fanta, tarxun kabi chanqovbosdi ichimliklar sogʻligʻingizga yomon taʼsir qilishini oʻylab ham koʻrmaysiz. Bu ichimliklar tarkibida kofein va boshqa asabni qoʻzgʻatuvchi moddalar, baʼzilariga meʼyoridan oshiq shakar qoʻshilgan. “Bolalar uchun” deb belgilangan qimmatgina narxli yaxna ichimliklar esa ulardan ham zararliroq. Chunki ular tarkibiga nafaqat shakar, baʼzan uning oʻrnini bosuvchi saxarin ham qoʻshilgan. Bu esa jigarni shikastlaydi. “100% sharbat” deb yozilgan sharbat qutisidagi yozuvga juda ishonavermang, chunki uning tarkibida ham shakar anchagina. Ayniqsa, bu sharbatni bogʻcha yoshidagi ukalaringizga mutlaqo bermang.

Baʼzan hatto oyingizga bildirmay muzlatgichga qoʻygan suvni ham ichib olasiz. Koʻp oʻtmay sir oshkor boʻladi. Tomogʻingiz ogʻriydi, yoʻtalasiz. Ana shunday koʻngilsizlik boʻlmasligi uchun...

Hozir ayni yoz. Meva va sabzavotlar gʻarq pishgan. Shulardan uyda oʻzingiz yoki oyingiz yordamida sharbat tayyorlab ichsangiz, sogʻligʻingizni asragan, chanqogʻingizni toʻgʻri qondirgan boʻlasiz. Mana, ular qanday tayyorlanadi.

 

Olchali mors

Ushbu morsga bir litr suv, bir stakan pishgan olcha, yarim stakan shakar kukuni kerak boʻladi. Olchani danagidan ajratib, ezib suvini chiqaring, uni biror idishga solib, muzlatkichga qoʻying. Ezgʻilangan olchalarni qaynab turgan suvga solib, oʻn-oʻn ikki daqiqa qaynating va uni doka yoki maxsus elakchada suzib oling.

Tayyor boʻlgan suyuqlikni sovutib, muzlatkichdagi olcha sharbati bilan aralashtiring. Tayyor boʻlgan ichimlik 5-6 kishini chanqogʻini qondirishga yetadi.

 

Uzumli sharbat

Ushbu sharbatga yarim kilogramm yangi uzilgan, yaxshi pishgan uzum, tozalangan limon boʻlakchasi, ichimlik suvi kerak boʻladi.

Uzumni yaxshilab yuvib oling. Pichoq bilan zanglamaydigan poʻlat idish ichida maydalang, maydalangan uzumlarni sharbat siqgichda yoki dokada siqib oling. Limon boʻlagini uzum sharbatiga aralashtiring, taʼbga qarab ichimlik suvi qoʻshing. Va oʻzingizdan tashqari yana uchta oʻrtogʻingiz bilan chanqogʻingizni qondiring.

 

Pomidor sharbatidan ichimlik

Yarim stakan pomidor sharbati, yarim stakan qatiq, yarim qoshiq mayda toʻgʻralgan petrushka va ukrop hamda tuz oling.

Sharbat bilan qatiqni yaxshilab aralashtiring, ukrop va petrushkani qoʻshing. Taʼbga qarab tuz soling. Bu ichimlik tushlikda ichishga moʻljallangan.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.