Dunyodagi antiqa va gʻaroyib mevalar
Bolalar, siz jannatmonand yurtimiz bogʻlarida bolga toʻlib pishadigan olma, anor, nok, anjir, shaftoli nomini eshitishingiz bilan muattar hidlari-yu, shirin-shakar mazasini his qilasiz, ogʻzingizni suvi qochadi.
Ammo dunyoda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan shakli shamoyil-u taʼmga ega shunaqangi gʻaroyib mevalar ham borki, hayratdan yoqa ushlaysiz. Ishonmasangiz mana, oʻzingiz koʻring!
Kivano
Ekzotik koʻrinishga ega boʻlgan noodatiy mevaning asl vatani markaziy va janubiy Afrika hisoblanadi. Uning rasmiy nomi “Cucumis metuliferus” boʻlsa ham mahalliy odamlar kivanoni Shohdorqovun deb atashadi. Yetilib pishgan mevaning sirti sap-sariq tusga kirib, shohchalar bilan qoplanadi. Kivanoning mazasi bodring yoki bananni yodga soladi.
Akebi
Akebi – Yaponiya shimolida oʻsuvchi daraxt boʻlib mevasi juda chiroyli. Mevaning ichi oppoq, urugʻlari esa jilolanuvchi qora rangda. Xushxoʻr mevaning siyohrang poʻstlogʻini ham isrof qilishmaydi. Uni sabzavot sifatida isteʼmol qilishadi.
Aki
Aki mevalari Yamayka bogʻlarida yetishtiriladi. Akini xomligida ham yeyish mumkin. Undan mashhur karib taomlarida gazak sifatida foydalaniladi.
Longan
Qarang, tashqi koʻrinishi oʻzimizning Quva anorini eslatuvchi longanni baʼzilar negadir “ajdarho koʻzi” deb ham ataydi. Kichik sersuv meva Xitoyda isteʼmol qilinadi. U koʻpincha shoʻrvalar, gazaklar, pishiriqlar hamda nordon taomlarga qoʻshiladi. Xitoy tibbiyotida longan tinchlantiruvchi xususiyatga ega ekanligi ham taʼkidlanadi.
Mangustin
Mangustin mevasi haqiqatan ham ajoyib koʻrinish va mazaga ega. Uning kattaligi oʻrtacha olmadek keladi. Poʻsti siyohrang. Oq rangli eti juda shirin. Bir vaqtlar qirolicha Viktoriya mangustinni ashaddiy ishqibozi boʻlgan. Garchi, mangustinning asl vatani Malayziya hamda Indoneziya sanalsa-da, uni Hindiston, Karib dengizi sohillari, Avstraliyada ham uchratish mumkin.
Lulo
Luloning tashqi koʻrinishi apelsinga, ichi esa xom pomidorga oʻxshaydi. Bu mevani Kolumbiya va ekvadorliklar suyib isteʼmol qilishadi.
Marang
Marangning tikanli poʻstlogʻi ostida uzumsimon urugʻlari bor. Mevani kesgach, tezgina yeb qoʻyish kerak, chunki u tezda mazasini yoʻqotib, nordonlashib qoladi.