Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jumboqli savollar

Qattiq shamolda yoʻldagi daraxt sinib tushib, yoʻl chetidan ketayotgan bolaning boshini yorib yuborganini koʻrdim. Katta yoʻl oʻrtasida esa mashinalar qatnovi juda zich. Endi qayerdan yurish kerak?

***

Buvim yozning issiq kunida daraxtlarni sugʻor, deydilar. Ariqda suv yoʻq. Bobom quvurdan kelayotgan ichimlik suvini daraxtlarga quyib, uvol qilma deydilar. Endi kimning aytganini qilay?

****

Yozning issiq kunida atrofda pashsha bilan chivin koʻpaygan. Derazani ochsam, uy ichiga pashsha, chivin kirib hammani bezor qiladi. Derazani yopib qoʻysam, toza havo yetmaydi. Nima qilsam toʻgʻri boʻladi?

***

Onam va buvim “Qaynamagan suv ichma, qorning ogʻrib qoladi” deb tayinlashadi. Bobom esa “Ichaversin, organizmi oʻrganadi, immunitet shakllanadi” deb ularga qarshilik bildiradilar. Qay birlari haq, kimning aytganiga quloq solay?

***

Oyim “Oyoqyalang yurma, Tosh botadi, shisha sinigʻi kirib ketishi mumkin”deb xavotir oladilar. Dadam esa, Kun issigʻida 30–40 daqiqa yerda yalangoyoq yurish foydali. Odam yerdan bahra oladi, tuproq koʻp kasalliklarga shifo” deb meni yalangoyoq yurishga undaydilar. Qay biri toʻgʻri?

***

Dadam “Asosiy fanlardan aʼlo oʻqisang boʻldi, qolgani muhim emas” deydilar. Ustozim esa, “Dars jadvaliga qoʻyilgan barcha fanlar muhim”, deb taʼkidlaydilar. Kim haq?

 

Tahririyatdan: Qadrli oʻquvchilar! Biz hayotda goho uchrab turadigan jumboqli savollarni jamlab, sizlarga havola qilmoqdamiz. Bunday savollarga siz ham tez-tez duch kelib turasiz, shunday emasmi? Sizlarga ikkita muhim topshirigʻimiz bor:

1-topshiriq. Yuqoridagi savollarga sizning javobingiz qanday?

2-topshiriq. Sizni ikkilantirgan eng jumboqli savollarni kutib qolamiz.

Ikkala topshiriqni aʼlo darajada, mustaqil uddalagan oʻquvchilar “Gulxan” jurnalining kutilmagan sovgʻalari bilan taqdirlanadilar.

 

Z. HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.