Topishmoqlar
Osmonning qalam qoshi,
Qorongʻuning quyoshi.
* * *
Oppoq qandga oʻxshaydi,
Ustoz bilan ishlaydi.
Doskada urar javlon,
Raqamlarga berib jon.
* * *
Oy, quyoshni koʻrmaydi,
Qor, yomgʻirni bilmaydi.
Yoʻlida yoʻq svetofor,
Toʻxtatolmas biror zoʻr.
* * *
Yassi ekran, mustahkam,
Unda olam siri jam.
Fayilini topsang bas,
Ishga tushadi shovvoz.
* * *
Atrof-muhitni sevar,
Chang, gʻuborini yuvar.
* * *
Yappa-yashil tuproqqa
Oppoq durlar sochilar.
Uni tergan bolalar
Tafakkuri ochilar.
* * *
Samoda boshlangan jang,
Yerni titratar qarang.
* * *
Uxlash joyi togʻ orti,
Tongda keladi qaytib.
* * *
Yeldek yelar qish-u yoz,
Temir izlar poyandoz,
Yaqin qilar yiroqni,
Ummon, shahar, qishloqni.
* * *
Olisdagi diydorni
Yaqin qiladi oson.
Dildan suhbat qurishga
Yaratar cheksiz imkon.
* * *
Zimiston bagʻrin kesar,
Oftobni koʻrsa, oʻchar.
* * *
Qaldiroqda qaltirab,
Qumda koʻrindi.
Ildizi ham yoʻq ekan,
Darrov bilindi.
* * *
Ustma-ust uchta chiroq,
Koʻzlariga sergak boq.
Harakatni kuzatar,
Xatolarni tuzatar.
Muhabbat Hamidova