Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dunyoning eng uz-u-un avtobuslari

Chaqqongina “Isuzu” yoki “Mersedes benz” avtobusida ketayotganingizda tiqilinchni ko‘rib ba’zan, nega ularni keng, uzun qilib yaratishmagan-a, deb o‘ylarsiz. Bilasizmi, ba’zi davlatlarda ana shunday ulkan avtobuslar bor ekan.

 

Bunday avtobuslarning eng azamati Afrika qit’asida joylashgan Kongo Demokratik Respublikasining markaziy yo‘llaridan qatnaydi. Gollandiyaning “DAF” firmasi yaratgan “DAF SUPER CITY Train” markali avtobusning uzunligi 32,2 metr. Og‘irligi 28 tonnadan iborat bu avtobus saloni xuddi ulkan samolyotlar salonidek keng. Unga 350 yo‘lovchi bemalol joylasha oladi.

***

30,73 metrlik “Guppel Auto Tram Extra Grand” avtobusi esa Drezden yo‘llarining faxri. Avtobus loyihasi Fraungofer institutida ishlab chiqilgan. Tejamkor elektrodvigatellarda ishlaydi. U shahar yo‘llarida mini metro singari harakatlanadi. Maxsus kompyuter tizimi haydovchiga uch bo‘g‘inli avtobusni xuddi kichik avtobusdek osongina boshqarishga yordam beradi. Pekin va Shanxay ham ushbu avtobusga buyurtma berdi.

***

2011-yilda ishlab chiqilgan “Neobus Mega BRT” – avtobus kuzovining uzunligi 28 metr. U Braziliyaning Kuritiba shahri yo‘llarida qatnaydigan tezyurar transport tizimi avtobuslarining eng birinchi namunasi. Avtobus modellari shvedlarning “Scania” va “Volvo” avtobussozlik instituti mutaxassislarining ko‘magi bilan yaratilgan. 100 foiz ekologik toza bioyonilg‘ida harakatlanadi.

***

Yana bir daroz avtobus “Youngman Bus JNP 6250 G”ning uzunligi – 25 metr. Ushbu Xitoy avtobusi 290 o‘rinli bo‘lib, undagi o‘rindiqlar soni 40 ta. Bunday avtobuslar Pekin va Xanjoulik yo‘lovchilarga xizmat qiladi.

***

200 o‘rindiqli “Van Hool AGG” avtobusi esa 24,8 metr. U Gollandiya, Belgiya va hattoki olis Angolaga ham yo‘lovchilar tashiydi.

***

1972–1992-yillar davomida germaniyalik yo‘lovchilar yirog‘ini yaqin qilgan “Neoplan Jumbocruiser” ikki qavatli avtobus ulkan avtobuslarning yagona bo‘g‘inligi edi. 18 metrli avtobus o‘z bag‘riga 103 yo‘lovchini sig‘dira olgan. U Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan.

 

Husnobod SHOMIRZAYEVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.