Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabiat haqida tabiiy ko‘rsatmalar

Bahor kelib kunlar isishi bilan daraxtlar tanasini oqlash – bu ularning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqlangan daraxt tanasidagi zararli hasharot va kasalliklar yo‘qoladi. Quyosh haddan ziyod qizdirganida ham daraxt qisman himoyalanadi. Bundan tashqari oqlangan daraxtlar atrofga o‘zgacha ko‘rinish berib, odamlar ko‘zini quvontiradi.

***

Agar hovlingiz, darvoza oldidagi mo‘jazgina tomorqangiz yoki maktab hovlisidagi bog‘changizga gul ko‘chatlari o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, mavsumiy gullar bilan bir qatorda erta bahordan to kech kuzgacha ochilib turadigan atirgul navlaridan ekkan ma’qul. Atirgul ko‘chati yaxshi parvarishlab turilsa, 20-25 yilgacha gullar ekan. Uning ko‘chatlari kech kuzda yoki erta bahorda ekiladi. Yozda qiyg‘os ochilib dillarni chog‘ etgan atirgul noyabr oyida kalta kesilib sovuq urmasligi uchun tuproq yoki yog‘och qipig‘i bilan ko‘mib qo‘yiladi.

***

Bahor faslida 15-20 kungina ochilib ko‘ngillarga zavq beradigan nastarin gulining ko‘chatini ko‘paytirib atrofingizdagi gulsevarlarga ulashmoqchimisiz? Unday bo‘lsa kuzda butagan novdalaringizning yo‘g‘onrog‘idan qalamcha qilib 8-10 sm.chuqurlikda ekib qo‘ying. Qarabsizki, bir-ikki yilda u yaxshigina nastarin ko‘chatiga aylanadi.

***

Har bahorda piyozidan ko‘karib chiqadigan ko‘p yillik gullarni bilasizmi? Keling birgalikda sanab ko‘ramiz: nargiz, lola, gulsafsar, gladiolos (tuganak)... Ularning qaysi birini sanay olmadim. Bolalar, balki ularning boshqa xillarini siz yozib yuborarsiz?

Atrofingizda gullar ochilib, xushbo‘y ifori dimog‘ingizga urilib tursa qanday yaxshi. Ha, aziz o‘quvchilar, tabiatdagi dov-daraxtlarga, undagi nafis mo‘jizalar – gullarga biroz e’tibor va mehr berib parvarishlasak, ular bizni yil – o‘n ikki oy o‘z husni va tarovati bilan siylab turadilar.

 

Gulxanjon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.