Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Noyob qanotlar

Ko‘klamda yam-yashil dalalar-u yastanib yotgan kengliklarning manzarasi ham ajib tarovatga ega bo‘ladi. Endigina bo‘y cho‘za boshlagan qamishlar oralab mollarini o‘tlatib yurgan Diyorbek o‘zini qayrag‘och tagiga oldi. Hali to‘la barg yozib ulgurmagan qayrag‘ochning atrofidagi to‘p-to‘p yulg‘unlar chala uyquda. Shunda Diyorbekning qulog‘iga notanish qushning qichqiriqqa o‘xshash g‘alati tovushi eshitildi. U asta ovoz kelgan tomonga qarab yurdi. To‘qayzor havzasidagi yulg‘unlar panasida bahaybat qushga ko‘zi tushdi-yu, ajabsinib qarab qoldi. Bu teleekran orqali multfilm va kinolarda ko‘rgan qush-ku. Diyorbek uni biroz kuzatib turgach, qushni tutib olgisi, maktabga borib o‘rtoqlariga maqtangisi keldi. “Tayoq bilan oyog‘iga ursam yiqiladi, shunda ushlab olaman”, deb o‘yladi. Keyin uning haybatidan cho‘chidimi yoki tumshug‘i ostidagi g‘alati qopini ko‘ribmi, fikridan qaytdi. Bu qanaqa qush bo‘ldi ekan, degan savol uni o‘ylantirib qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga ana shunday noyob qushlarning ko‘plab turi kirgan. Ularning turlari va nomlaridan xabaringiz bormi? Agar bilsangiz, bunday kamyob qushlar ham bir qancha turga bo‘linadi. Shulardan biri Saqoqushlar oilasida mansub Pushti saqoqush va Jingalak saqoqushlardir. Diyorbek ko‘rgan parranda – Pushti saqoqush edi. Ularni ov qilish taqiqlangan. Panjalari pardali, suvda suzuvchi ushbu yirik qushning tumshug‘i uzun va yalpoq. Tumshug‘ining pastki qismida keng terisimon qopchasi bor. O‘rta Osiyodagi eng yirik qushlardan biri. Narining vazni 13 kilogramm, modalarining vazni 10 kilogramm, qanotlarining uzunligi esa 270-360 santimetr. Patlari oppoq, pushti tusli, katta patlari qora, shuning uchun parvozi vaqtida qanotlarining cheti bo‘ylab keng qora yo‘li aniq ko‘rinib turadi. Ularning yoshroqlari och-qo‘ng‘ir tusda bo‘ladi. Suzayotganda va uchayotgan paytida bo‘yni S simon bukilgan holda ko‘rinadi. Mamlakatimizda Orolbo‘yi havzalari, Amudaryo, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida qo‘nim topadi. Mavsumiy uchishida saqoqushlar Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon havzalarida uchraydi, ba’zida esa qishlab qoladi. Ko‘chish davrida muntazam dam olish va oziqlanish uchun Qizilqum qo‘riqxonasi, Quyi Amudaryo va “Jayron” Ekomarkazi hududida to‘xtab o‘tadilar. U qamishlar qalin o‘sadigan, baliqqa boy bo‘lgan yirik va sayoz suv havzalarida yashashga odatlangan. Asosiy ozuqasi baliqlar hisoblanadi. Saqoqushlarning yana bir muhim jihati safga tizilgan holda uyalaydi. Uyasini qamish uyumlariga va orollarda quradi. Tuxum bosganida 1-3 ta (odatda 2 ta) oq tuxum qo‘yadi. 20-30 kundan keyin bu tuxumlardan jo‘jalar chiqadi. Asosan modalari tuxum bosadi, ba’zan ular oziqlanishga uchib ketsa, nari o‘rnini bosib turadi. Ota-onasi palaponlarini yarim hazm bo‘lgan ovqat bilan oziqlantiradi. Bolalari sal ulg‘aygach esa mayda baliqlar bilan boqadi. Qushchalar 65-70 kunlik bo‘lganida, iyun-avgust oylariga kelib uchishga harakat qila boshlaydi. Shundan so‘ng to‘p-to‘p uyalari bo‘linib qush galalari hosil qiladi. Ular yemish izlab ko‘chib yuradilar. Bahorgi uchib kelishi mart-aprelda, kuzgi uchib o‘tishi sentabr-noyabr oylariga to‘g‘ri keladi. Saqoqushlarning asosiy qismi tropik mintaqalarda yashaydi. Bizning o‘lkamiz bo‘ylab saqoqushning yarim milliondan ortiq jufti uchraydi, bir necha yuztasi esa qishlab qoladi.

Jingalak saqoqush ham zaif va yo‘qolib borayotgan ko‘chmanchi tur. Uning ham yashash tarzi xuddi Pushti saqoqush bilan o‘xshash. Faqat u hozirgi vaqtda Pushti saqoqushga nisbatan sezilarli darajada kamayib ketgan.

Diyorbek saqoqushga shikast yetkazmay juda to‘g‘ri ish qilgan. Barchamiz tabiatning bunday noyob jonzotini asrashimiz zarur. Axir ular respublika qo‘riqxonalarida ham muhofazaga olingan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2016-yilning 20-sentabrida e’lon qilingan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi” yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham ona tabiatga, qanotli do‘stlarimizga bo‘lgan muqaddas burchimizni ifodalaydi. Har qanday jonzotga mehr-muruvvatli bo‘lish azaliy an’analarimiz sanaladi. Qolaversa, bunday turlarning yo‘qolishi tabiatga, atrof-muhitga sezilarli ta’sir o‘tkazadi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.