Foydali bitim
Bir millioner uyga benihoya xursand boʻlib qaytdi: yoʻlda baxtli uchrashuv yuz beribdi, undan katta foydaning daragi kelib turganmish.
– Shunday omad ham kelarkan-a? – dedi u uyidagilarga. – Pul pulni topadi, deganlari bejiz emas ekan. Mana mening pulim pul chaqirayotir. Oʻzi nima gap desalaring-chi! Yoʻlda notanish odamni uchratib qoldim. Men u bilan soʻzlashmoqchi ham emasdim, ammo u puldorligimni payqab, oʻzi gap boshladi. U menga shunday bir foydali ish taklif qildi-ki, sevinganimdan oʻzimni yoʻqotib qoʻyay dedim.
– Shunday bitimga kelaylik, – dedi u. – Men senga bir oygacha har kuni yuz ming soʻmdan keltirib beraveraman. Ammo, tekinga emas, lekin toʻlovi arzimagan narsa.
– Aytsam kulasanlar, birinchi kuni bitim boʻyicha men atigi bir tiyin toʻlashim kerak emish. Qulogʻimga ishonmadim:
– Bir tiyin? – qayta soradim men.
– Ha, bir tiyin, – dedi. – Ikkinchi yuz ming soʻm uchun 2 tiyin toʻlaysan.
– Xoʻsh, – dedim sabrim chidamay. – Undan keyin-chi?
– Undan keyin: uchinchi yuz ming uchun 4 tiyin, toʻrtinchi yuz ming uchun 8 tiyin, beshinchi yuz ming uchun 16 tiyin toʻlaysan. Xullas, butun bir oy badalida har kun oldingi kungidan ikki baravar ortiq toʻlayverasan.
– Keyin nima boʻladi? – soʻradim men.
– Tamom, – dedi u, – boshqa hech narsa talab qilmayman. Faqat lafzingdan qaytmasliging kerak; har kuni ertalab yuz ming soʻm olib kelaman, sen esa bitimdagi pulni toʻlab turasan. Toʻlovni bir oydan ilgari toʻxtataman, dema.
Bir tiyinga yuz ming soʻm! Agar puli qalbaki boʻlmasa, u odamning esi joyida emas. Ammo bunday fursatni boy bermaslik kerak.
– Xoʻp. Pulni keltir, – dedim. – Men oʻz toʻlovimni kanda qilmay toʻlab turaman. Tagʻin meni aldama: rostakam pul olib kel.
– Xotirjam boʻl, ertaga erta bilan kutaver, – dedi.
– Faqat bir narsadan shubham bor: kelarmikin? Juda zararli ishni oʻylabman, deb aynib qolmasa edi! Ertagacha kutsam kutay-chi, nima boʻlar ekan.
U kun oʻtdi. Erta bilan barvaqt oʻsha, yoʻlda uchragan notanish odam boyning derazasini chertdi:
– Pulingni choʻz, men oʻzimnikini olib keldim, – dedi.
Darhaqiqat, bu gʻalati odam uyga kirib, xaltadagi pullarni chiqarib qoʻya boshladi, pullar qalbaki emas, rostakam. Rosa yuz mingni sanab boʻlib:
– Mana, vaʼdaga muvofiq keltirganim. Toʻlash endi seni galing, – dedi.
Boy stol ustiga bir tiyinlik chaqani qoʻyib, xavfsirab kutib turar, mehmon chaqani olarmikin, olmasmikin, pulini qaytib olib ketmasmikin, deb oʻylardi. Mehmon chaqani koʻzdan kechirdi, qoʻliga olib salmoqlab koʻrdi-da, hamyoniga soldi.
– Ertaga xuddi shu vaqtda kut. Unutma, ikki tiyin tayyorlab qoʻy, – dedi.
Boy koʻzlariga ishonmasdi: nazarida yuz ming soʻm osmondan tushganday boʻldi! U pullarni qayta-qayta sanab chiqdi, qalbaki pul emasligiga batamom ishondi: hammasi toʻgʻri. Pulni ovloqroq joyga yashirdi va ertani kutdi.
Kechasi boyning yuragiga gʻulgʻula tushdi: kelgan odam qaroqchi emasmikin, oʻzini sodda koʻrsatib, pul yashiriladigan joyni bilib olmoqchi va keyin bir toʻda qaroqchilar bilan bostirib kelmoqchimasmikin!?
Boy eshiklarini mahkam yopib, derazaga termulganicha allavaqtgacha uxlay olmadi. Erta bilan deraza yana chertildi: notanish kishi pul keltirgan ekan. U yuz ming soʻmni sanab berib, oʻzining ikki tiyinini oldi, chaqani hamyoniga solib xayrlashayotganda:
– Ertaga toʻrt tiyin-a, tayyorlab qoʻyishni unutma, – dedi.
Boy yana oʻzida yoʻq xursand, chunki ikkinchi yuz ming soʻm goʻyo oʻz oyogʻi bilan keldi. Mehmon esa qaroqchiga oʻxshamaydi: atrofga koʻz yugurtirmadi, sinchkovlik qilmadi, faqat oʻziga tegishli tiyinlarinigina talab qildi. Tentak! Dunyoda shunday nodonlar koʻproq boʻlganda edi, donolar yaxshi yashar edilar.
Notanish odam uchinchi kuni ham keldi – uchinchi yuz ming soʻm boyga 4 tiyin badaliga keldi.
Toʻrtinchi yuz ming soʻm ham xuddi shu yoʻsinda (8 tiyinga) boyning qoʻliga tegdi.
Beshinchi yuz ming soʻm 16 tiyinga keldi.
Yetti kun deganda boy yetti yuz ming soʻm oldi-yu lekin bu pullar badaliga arzimagan pul toʻladi:
1t.+2t.+4t.+8t.+16t.+32t.+64t.=1s. 27t.
Bu narsa ochkoʻz millionerga yoqib tushdi. U atigi bir oy muddatga bitim tuzganidan afsuslandi. Muddatni yana yarim oyga choʻzish uchun tentakni koʻndirib boʻlmasmikin? Bu esa xatarli, chunki pulni bekorga berayotganini fahmlab qolsa bormi?..
Notanish odam har kuni erta bilan yuz ming soʻmdan keltiraverdi. 8-kuni u 1s. 27 t.oldi, 9-kuni 2s. 54 t. 10-kuni 5s. 08 t. 11-kuni 10s. 16 t va hokazo.
Boy bu pullarni jon deb toʻlayverdi: axir u bir million 400 ming soʻm oldi, buning badaliga notanish odamga atigi yuz ellik soʻmgina berdi xolos.
Biroq boyning quvonchi uzoqqa bormadi: boy saxiy mehmon sodda emasligini, u bilan qilingan bitim oldin foydali boʻlib tuyulgani unchalik ham toʻgʻri emasligini payqab qoldi. Oradan 15 kun oʻtgach navbatdagi oladigan yuz ming soʻmi evaziga tiyinlab emas, yuzlarcha soʻm toʻlashga toʻgʻri keldi. Toʻlov puli juda ham tez oʻsib bordi. Chindan ham oyning ikkinchi yarmida boy quyidagicha pul toʻladi:
15-kun: yuz ming soʻm uchun – 162s. 56 t.,
16-kun:..... – 325s. 12 t.,
17-kun:..... – 650s. 24 t.,
Shunday boʻlsa ham boy oʻzini hali zarar koʻrmagan deb hisoblardi, garchi besh ming soʻmdan ortiq pul toʻlagan boʻlsa-da, 1million 800 ming soʻm oldi-ku. Ammo foyda kundan-kunga kamayaverdi. Mana navbatdagi toʻlovlar:
20-kun: yuz ming soʻm uchun – 5201s. 92 t.,
21-kun:.... – 10403s. 84 t.,
27-kun:.... – 665845s. 76 t.
Endi olishdan koʻra koʻproq toʻlashga toʻgʻri keldi. Oldi-berdini shu yerda toʻxtatish ham maʼqul edi-ku, lekin shartnomani buzishning iloji yoʻq edi.
Kundan kun ahvol yomonlashaverdi. Millioner notanish odam oʻzi keltirib bergan pullaridan allaqancha ortiq pul olishini juda kech fahmlab qoldi. 28-kundan boshlab boy endi millionlab toʻlashi kerak boʻldi. Keyingi ikki kun esa uni bor-yoʻgʻidan judo qildi. Millioner 30-kuni 5326766s. 08t.toʻlov qildi.
Mehmon oxirgi safar kelib ketgach, birinchi qarashda shunchalik arzimagan pul badaliga kelgan uch million soʻm qanchaga tushganini millioner hisoblab chiqdi. Hisobning koʻrsatishi-cha, notanish odamga jami 10653532s. 15t.toʻlanibdi, yaʼni salkam 11 million!.. Holbuki, ish bir tiyindan boshlangan edi. Buni qarang-ki, notanish odam hatto uch yuz ming soʻmdan keltirib berganda ham zarar koʻrmagan boʻlar ekan.
Y. M. PERELMANning
“Jonli matematika” kitobidan olindi