Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Gʻaroyib daraxtlar

Aziz bolalar! Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 6-maktabning geografiya fani oʻqituvchisi Ziyodulla aka ASTANAQULOV sizlar uchun dunyoning turli burchaklarida oʻsadigan bir-biridan hayratlanarli daraxtlar haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni Gulxanga taqdim etdilar. Bunday ajoyib suratlar va maʼlumotlarni eʼtibordan chetda qoldirishni istamadik. Sababi, ular chindan ham juda maftunkor, mahobatli va moʻjizakordir.

 

Pixta – Rossiya hududi boʻyicha eng koʻp tarqalgan ignabargli daraxt. Uning 50 dan ortiq turi mavjud.

Shimoliy oʻrmon mintaqasida keng tarqalgan ushbu daraxt manzarali boʻlgani tufayli keyingi vaqtlarda landshaft dizayni uchun keng foydalanilmoqda.

 

Ajdar daraxti faqatgina Janubiy gʻarbiy Osiyodagi Yaman davlatining Sakotra orolida oʻsadi. Mahalliy aholi bu daraxtni Ajdar qoni manbai deb biladi. Ushbu daraxtdan smolasimon (mumga oʻxshash) suyuqlik ajralib chiqadi. Smolaning qizil rangi bois daraxtga shunday nom qoʻyilgan boʻlsa ajab emas...

 

Pomidor

Vatani Isroil boʻlgan Pomidor daraxti nafaqat jozibador koʻrinishga ega, balki, serhosilligi bilan ham ajablanarli. Ushbu moʻjizakor oʻsimlik bejizga pomidor daraxti deb atalmagan; asosan issiq xonada oʻsadigan bu daraxtning boʻyi 5 metrgacha oʻsishi mumkin, oʻrgimchak toʻriga oʻxshab tevarak atrofniv oʻrab olgan shox-shabbasining aylana diametri 40-50 m. kv.ni tashkil etadi. Yil davomida 1 tup pomidor daraxtidan 1,5 tonna, yanayam anigʻrogʻi 14 ming dona pomidor terib olsa boʻladi.

Pomidor daraxtining asosiy xususiyatlari – uning ulkan oʻsish quvvatiga egaligi, yuqori hosildorligi va kasalliklarga chidamliligidir. Baquvvat ildizi va yaxshi rivojlangan barglar hajmi oʻsimlikning irsiyatidan kelib chiqadi.

Pomidor daraxtini ochiq maydonda yetishtirsa ham boʻladi, lekin ochiqda uning boʻyi unchalik baland oʻsmaydi, hosildorligi ham pasayadi. Aytmoqchi, ushbu gʻaroyib daraxtni oʻzimizning Bulungʻur tumanidagi issiqxonalarda ham uchratishingiz mumkin.

 

Kamalaksimon evkalipt

Bu daraxt turi noyob rangli qobigʻi bilan ajralib turadi. Kamalaksimon evkaliptni avval faqat Avstraliyaning janubiy kengliklarida uchratish mumkin edi. Keyingi yillarda esa u Shimoliy yarim sharning issiq oʻlkalarida ham oʻstirila boshlandi. Daraxtning boʻyi 75 metrgacha yetadi, tanasining diametri esa 2,5 metr. Shunisi qiziqki, daraxt qobigʻining rangi uning yoshiga qarab oʻzgarib boradi.

Kamalak evkalipt efir moyiga boy, shuning uchun farmatsevtika, kosmetologiya va xalq tabobatida keng foydalaniladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.