G‘aroyib fanlar bekati
Siz maktabda qaysi fanni yoqtirasiz? Adabiyotnimi? Albatta, adabiyot bizning ruhiyatimizni tarbiyalab, yashirin ijodkorlik qobiliyatimizni yuzaga chiqaradigan fan. Matematika esa barcha fanlarning otasi. Biroq bu darslarni judayam zerikarli deydiganlar ham topiladi. Ammo dunyoda maktab o‘quv dasturiga kiritilgan shunday g‘aroyib fanlar bor ekanki, jadvaldagi ushbu dars soatlarini o‘quvchilar orziqib kutar, qochishni esa xayollariga ham keltirishmas ekan. Bugun dunyo mamlakatlaridagi ana shunday noodatiy fanlar olamiga birgalikda sayohat qilamiz.
Baxt darsi
“Baxt darsi” olis Olmoniyaning oltin sochli bolajonlari uchun maxsus kiritilgan. To‘g‘ri, bu dars barcha nemis maktablarida o‘tilmasligi mumkin, lekin Geydelberg shahridagi ta’lim muassasasida “baxt darsi”ni maktab direktorining o‘zi olib borarkan. O‘quvchilarning asosiy vazifasi qarovsiz keksalarning ko‘nglini ko‘tarish, shifoxonadagi bemorlardan xabar olish, jajji bolakaylarni quvontirish, jonivorlarga g‘amxo‘rlik qilish, xullas, yaxshilik ulashib zavqlanishdan iborat. Ushbu fandan imtihon topshirilmaydi, lekin yil oxirida har bir o‘quvchi ezgu va xayrli ishlari haqida rolik tayyorlashi, ixtiyoriy hisobot berishi mumkin.
Kiberxavfsizlik nazariyasi
Isroil davlatining ba’zi maktablariga ushbu g‘ayrioddiy fan kiritilishiga mamlakat bolalarining qattiq kiberqaramligi sabab bo‘lgan. Kiberxurujlar o‘zi nima? Ijtimoiy tarmoqlarda shunday holatlar bo‘ladiki, barcha shaxsiy ma’lumotlar istalmagan uchinchi bir tomon qo‘liga o‘tib qolishi va ular bu ma’lumotlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishi mumkin. Bunday internet xurujlari ortidagi jinoiy shaxslar o‘g‘irlik va tovlamachilik orqali moddiy va ma’naviy zarar yetkazishadi. Isroillik bolalarning xavfsizligi ta’minlanmagan internet saytlariga berilib ketishi nafaqat ota-onalarni, balki keng jamoatchilikni, hatto shifokorlarni ham xavotirga sola boshlagach kiberxavfsizlik darslari kiritilgan. Unda o‘quvchilarga ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini qanday tutishni, kommentariyalarga qanday javob qaytarishni o‘rgatishadi. Bundan tashqari, darsning ko‘p qismi kompyuter o‘yinlariga qaramlik va u bilan qanday kurashishni o‘rgatishga qaratilgan.
Asalarichilik darsi
Asal – sog‘liq uchun eng foydali mahsulot. Biroq u hamma uyda, har doim ham topilavermaydi. Agar asal maktabda yetishtirilsa bormi?!
Boshqirdistonda yuzlab maktablarning o‘z asalarilari bor. Asalarichilik darslarida bolalarga arilarni boqish, asal yig‘ish, ularni ko‘paytirish haqida bilimlar beriladi. Boshqirdiston asal yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Birinchilikni qo‘ldan boy bermaslik uchun boshqird xalqi yosh asalarichilarni tarbiyalashga bel bog‘lagan.
Milliy raqslar
Armaniston hukumati yosh avlod o‘z an’analarini unutmasligi uchun maktablarda maxsus kurs – milliy raqslarni alohida dars sifatida kiritgan. O‘quvchilar nafaqat xoreografiyani, balki ota-bobolari ijro etgan milliy raqs tarixini ham suv qilib ichib olishadi. Bu darsga barmoq orasidan qarashning yoki unga qatnashmaslikning hecham iloji yo‘q. Chunki yil oxirida o‘quvchilar raqsdan jiddiy imtihon topshiradilar. Sinovdan o‘ta olmagan bolalar bir sinfda ikkinchi yili yana qayta o‘qishlariga to‘g‘ri keladi.
Ilmiy kashfiyotlar
Intellektual mulk, aqliy salohiyat va ixtirolar yuqori darajada qadrlanadigan Qo‘shma shtatlar maktablarida ajoyib fan – ilmiy kashfiyotlar darsi o‘rgatiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad, yosh ixtirochilar potensialini uyg‘otish, ilmiy fikrlashga o‘rgatish va mamlakat intellektual bazasini boyitishdan iborat. Nazariy kurslardan keyin o‘quvchilarga biror yangi ixtiro yaratish vazifasi topshiriladi. Yil yakuniga qadar bolalar o‘z ilmiy ishlarini namoyish etishadi. Uning aktualligini muhokama qilishadi va baho olishadi. O‘quvchilar bilimi ingliz harflari A – a’lo, B – yaxshi, S – o‘rta, D–o‘rtadan past, F – qoniqarsiz tarzida baholanadi.
2001-yil AQSH kongressi “Birorta ham qoloq o‘quvchi qolmasin” deb nomlangan qonunni qabul qildi. Ushbu hujjat mamlakatda maktab ta’limini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
Moliyaviy savodxonlik
Faraz qiling, qo‘lingizda 5 ming so‘m pul bor. Siz uni qanday sarflaysiz? Kimdir bu pulga o‘chirg‘ichli ruchka, bodroq va “smaylik”li yopishtirgichlar sotib oladi. Rejali, pul ishlatishni biladigan bolalar esa faqat tushlik uchun ajratib, qaytimini ertangi kun uchun saqlab qo‘yadi. Rossiyaning bir qancha maktablarida bolalarga pulni to‘g‘ri sarflashni va ommaviy budjetni rejalashtirishni o‘rgatadigan qiziqarli moliyaviy savodxonlik darslari o‘tiladi. Unda kelgusida iqtisodiy aloqalar, oldi-sotdi munosabatlarida moliyaviy ayyorliklarning jabrlanuvchisiga aylanib qolishning oldi olinadi. Dars uchun mavzu va qo‘llanmalar Moliya vazirligi loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Hozircha bu fan sinov tariqasida o‘qitilmoqda, biroq yaqin orada majburiy ta’lim dasturiga kiritilishi ehtimoldan xoli emas.
Tabiatdan zavqlanish
Jiddiy ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishlari yuz berayotgan bir paytda tabiatga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotganimiz sir emas. Ijtimoiy tarmoqlar va dunyoviy kompyuterizatsiyaga bog‘lanib qolgan zamonaviy bolalar ona tabiatni esdan chiqarib qo‘ydilar. Shu jihatni e’tiborga olgan yapon ta’lim tizimi vakillari ayrim maktablarga tabiatdan zavqlanish darsini kiritgan. Mashg‘ulotlarda o‘quvchilar tabiatning “jarohatlariga malham qo‘yish”, nihollarni parvarish qilish, atrofni chiqindilardan tozalash, suvni tejash, flora va fauna ya’ni o‘simliklar va hayvonlar olamini asrashni o‘rganadilar. O‘quv yili nihoyasida esa orttirgan bilimlari asosida imtihon topshiradilar.
Internet manbalari asosida
Umida SADATOVA tayyorladi.
Tahririyatdan: Qadrli o‘quvchilar! Ta’lim tizimimizda mavjud bo‘lmagan qanday qo‘shimcha fanlar joriy etilishini istardingiz? Maktabingizda qanday noan’anaviy darslar, mashg‘ulotlar o‘tiladi? Fikrlaringiz bitilgan maktublarni kutamiz.