“Gulxan”da xanda
***
O‘g‘il otasidan iltimos qildi:
– Dadajon, menga maymun olib bering.
– Olib bersam, uni banan bilan boqasanmi?
– Siz Hayvonot bog‘idagi maymundan olib bering. U yerda “Hayvonlarni boqish mumkin emas” deb yozib qo‘yilgan.
***
– Ikki voqeaning tasodifan bir-biriga to‘g‘ri kelib qolishiga misol keltiringlar-chi?! – dedi o‘qituvchi.
O‘quvchilardan biri qo‘lini ko‘tarib javob qildi:
– Dadam bilan oyimning to‘ylari bir kunda bo‘lgan.
***
Tish shifokorining xonasiga bir talay bola kirib keldi.
– Men tishimni oldirgani keldim, – dedi ulardan biri.
– Unda o‘rtoqlaring nimaga kelishdi? – so‘radi shifokor.
– Ular mening qanday dodlashimni eshitishmoqchi.
***
Bolakay bobosiga qarab “Bobo!” dedi, ammo bobosi uning gapiga quloq solmadi.
– Ovqat vaqtida gapirish odobdan emas, bolam, – deb tanbeh berdi bobo.
Ovqatdan keyin bobo nevarasidan so‘radi:
– Xo‘sh, boya menga nima demoqchi eding?
– Endi foydasi yo‘q, bobo. Sho‘rvangizga pashsha tushib ketgandi.
***
O‘quvchi chizgan rasmini o‘qituvchisiga ko‘rsatdi:
– Mana bu o‘tloqda sigir o‘tlab yuribdi.
– Iye, sigir bor-u, o‘tloq yo‘q-ku!
– Hamma o‘tlarni sigir yeb qo‘ygan-da, – dedi o‘quvchi.
***
Adabiyot darsida o‘qituvchi uyga topshirilgan “Men yangi yilni qanday kutib oldim?” degan mavzudagi inshoni tekshirayotib o‘quvchidan so‘radi:
– Ne’matjonov, nega inshoni yozmay kelding?
– Yangi yil kirmasdan uxlab qolibman.
To‘plovchi: Shodmon OTABEK