Ham shifo, ham taom
Kuz fasli kelishi bilanoq dalalarimizda vitaminlar gʻarq pishadi. Ushbu sahifani vitaminlarga boy va mazali boʻlgan qovoqvoyga bagʻishlaymiz. Polizimiz pahlavoni darmondorilarning koni boʻlib, yuzlab kasalliklarga davodir. Kaliy, temir, kalsiy, magniyga boy boʻlgani uchun asablarni tinchlantiradi, uyqusizlik, moddalar almashinuvini yaxshilaydi, kuchli va yogʻli ovqatlarning hazm boʻlishiga yordam beradi. Qabziyatda, boʻy oʻstirishda, raxit kasalida, yurak-qon tomir xastaliklarida ham bizga koʻmakchi.
Dunyoda qovoqdan 100 dan ortiq taomlar tayyorlanar ekan.
Bugun oshxonamizda ana shunday qovoqli pishiriqlardan ayrimlarini tayyorlaymiz.
Qovoqli rulet
Kerakli mahsulotlar: 300gr suvda pishgan qovoq, 4 dona tuxum, 150gr shakar (agar qovoq shirin boʻlsa 100gr) 1 choy qoshiq soda, 200 gr un.
Kremiga: 200 gr sut, 100 gr shakar, 1 dona tuxum, 2 osh qoshiq un, 150 gr saryogʻ.
Qovoqni pishirib, boʻtqa holatiga keltiramiz. Tuxum sarigʻini chaqib mikser bilan boʻtqasiga aralashtiramiz. 3 daqiqa koʻpirtirgach, ketma-ket soda, shakar, un solib koʻpirtirishda davom etamiz. Alohida idishda tuxum oqini koʻpirtirib, qovoqli massamizga qoʻshib aralashtiramiz. Kattaroq qolipga qogʻoz solamiz va ustidan massamizni tekis qilib quyib chiqamiz. 160 daraja qizigan gaz pechiga 25 daqiqa qoʻyamiz.
Kremiga: barcha masalliqlarni ketma-ket solib koʻpirtiramiz va past olovli gazga qoʻyib, 10 daqiqa uzluksiz aralashirib turamiz. Qaynab turgan kremda pufaklar paydo boʻlsa, demak, tayyor. Sal sovigach, saryogʻ qoʻshib eritamiz. Butunlay sovigach mikser yordamida koʻpirtirib olamiz.
Pishgan biskivitimizni issiqligida nam sochiq bilan oʻrab, biroz ushlab turib, sovigach krem surtib oʻrab qoʻyamiz. Ustini oʻzingizni didingizga qarab bezatasiz.
Qovoqli zapekanka
Kerakli mahsulotlar: 300 gr pishgan qovoq, 400 gr tvorog, 1 dona tuxum, 150 gr smetana, 200 gr shakar, 50 gr manni yormasi.
Tayyorlash:
Oldindan qovoqni pishirib, boʻtqa holatiga keltirib olamiz. Alohida idishga tvorog, 100 gr shakar, tuxum sarigʻi, manni yormasi, smetanani qoʻshib blendrda boʻtqa qilib olamiz. (Mikser yoki atalagich yordamida ham bajarishingiz mumkin). Yana bir idishda tuxum oqi va qolgan 100 gr shakarni koʻpirtirib olib, ustidan qovoqli boʻtqani solib aralashtiramiz. Shunda 2 xil massamiz tayyor boʻladi. Qolipga bir oz manni yormasini sepamiz va 1 qoshiqdan tvorogli boʻtqa ustiga qovoqli massamizni ketma-ketlikda solib chiqamiz. Ishimiz soʻnggida choʻp orqali shakl beramiz va 180 gradusda qizigan gaz pechiga 20 daqiqa qoʻyamiz.