Kuchukmi yoki itcha?
Jahongir shaharda yashaydi. Yozda u bobosi bilan Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanidagi Mirokon qishlogʻiga mehmonga bordi.
Voy-boʻ... ammasining uyi hayvonot bogʻining naq oʻzi ekan. Qoʻrada qoʻy, echkilar, ogʻilda sigir, buzoq, ot, eshak, katakda ona-bola tovuqlar, hovli etagidagi ariqchada oʻrdak, gʻozlar... Jahongirning hayratdan ogʻzi ochilib qoldi.
U tovuqxonaga ketayotganda roʻparasidan poʻmpaloqqina kuchukcha chiqib qoldi.
Qoʻrqib ketgan Jahongir: – tezroq doda, itchani ushlang, boʻlmasa, anavi tovuqchani yeb qoʻyadi, – deb baqirib yubordi.
Jamol buva yugurib kelarkan, qotib-qotib kulardi.
– Nega kulasiz, doda, qarang anavi eshakchaning jahli chiqib, yigʻlayapti.
– Voy bolam-ey, gapingga kulyapman-da. U eshakmas, uning bolasi – xoʻtik-ku. U yigʻlamayapti, hangrayapti.
– E, qayerdan bilaman, men axir ularni avval koʻrmaganman-ku, – xafa boʻldi Jahongir.
– Toʻgʻri, koʻrmagansan. Lekin sakkiz yoshga kirding, endi ularni bilishing kerak. Hozir, men xoʻtik bilan goʻsalaga oʻt tashlab qoʻyay. Keyin senga jonivorlar bolalarining nomlarini oʻrgataman, – dedi Jamol buva mehribonlik bilan
Bobo-nabira ulkan yongʻoq daraxti tagidagi chorpoyaga oʻtirishdi. Soʻng Jamol buva tanishtirishni boshladi.
– Baliqning tuxumi va pardadagi bolasi “uvildiriq”, baqaning bolasi – “itbaliq”, qushning bolasi – “palapon”, tovuqning bolasi – “joʻja”, qoʻyning bolasi – “qoʻzichoq”, echkining bolasi – “uloq”, itning bolasi – “kuchuk”, mushukning bolasi – “xumpar”, choʻchqaning bolasi – “jish”, yovvoyisi – “toʻngʻiz”, eshakning bolasi – “qudung” va “xoʻtik”, otning bolasi “qulun”, yoshiga qarab “toychoq”, “gʻoʻnon”, “doʻnon”, “pishti” deb ataladi, tuyaning bolasi – “boʻtaloq”, kiyikning bolasi “momoloq”, ohuning bolasi – “quralay”, sigirning bolasi – “buzoq”. Bizning shevada uni “goʻsala” ham deyishadi. Tushundingmi, boʻtalogʻim?
– I-ye, dodajon, boʻtaloq tuyaning bolasi-ku, – kulib yubordi Jahongir.
– Ha, bilaman, biroq bobolar nabiralarini “toychoq”, “boʻtaloq” deb erkalatsa boʻlaveradi. Sen esa yuqorida aytganlarimni unutma, kelishdikmi, toychogʻim.
– Kelishdik, – dodasini quchoqladi Jahongir.
Ishonamizki, siz ham Jamol bobo aytgan bu soʻzlarni yon daftaringizga yozib olasiz, yodda saqlaysiz. Ana shunda kuchukni – “itcha”, toyni – “otcha”, qoʻzichoqni – “qoʻycha” deb koʻpchilikning oldida xijolat boʻlib yurmaysiz. Bilish hech qachon yuk ham boʻlmaydi, zarar ham qilmaydi, shuni unutmang.
Avera FAYZIYEVA,
Buxoro viloyat Gʻijduvon tumani
12-maktab biologiya fani oʻqituvchisi