Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mashinani kim ixtiro qilgan?

Bolalar, siz darslik va turli ensiklopedik adabiyotlarda yevropalik va amerikalik olimlarning olamshumul ixtirolari haqida o‘qigansiz. Ochig‘i, men ham shu paytga qadar bugun bizga beminnat xizmat qilayotgan barcha texnika vositalarini g‘arblik olimlar kashf etgan, degan xayolda yurar edim. Chunki kitoblarda 1452–1519-yillarda yashab o‘tgan italiyalik Leonardo da Vinchining o‘zi uchadigan jism (u bugungi samolyot va vertolyotlarga o‘xshab ketadi), kalkulyator, parashyut va boshqa jihozlarni ixtiro qilishga uringani, ya’ni ularning chizmasini yaratgani haqida o‘qiganman. Yoki fransiyalik Nikolya Jozef Kunioning 1770-yilda yasagan yuk mashinasi haqida eshitgandirsiz? Bug‘ bilan harakatlanadigan ushbu mashina naq 3 tonna yukni soatiga 4 kilometr tezlikda tashiy olishi bilan o‘z zamonasining eng qudratli texnikasi bo‘lgan! Keyinchalik, ya’ni oradan yuz yillar o‘tib, haqiqiy avtomobillar kashf qilindi. Germaniyalik Karl Bens (1844–1929), amerikalik Henri Ford (1863–1947) kabi olimlar zamonaviy avtomobillar ishlab chiqaruvchi korxonalariga asos soldilar...

Yaqinda bir do‘stim menga 1995-yil “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan “Abu Abdulloh al-Xorazmiy va ilmlar tasnifi tarixidan” (muallif Roiq Bahodirov) kitobini sovg‘a qilmaganida, ehtimol, o‘sha-o‘sha – hamma narsa chet elda kashf qilingan, degan fikrda yuraverardim... Kitobni o‘qib, bugun insoniyatga keng imkoniyatlar tuhfa etayotgan, uning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilayotgan texnik vositalar ildizi Sharqda, yana ham aniqroq aytganda, yurtimizda ekanligini angladim.

Xo‘sh, Abu Abdulloh al-Xorazmiy kim, u qachon, qayerda yashagan, qanday ilmlar bilan shug‘ullangan? To‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy bo‘lgan bu alloma ilmiy adabiyotlarda Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Zamaxshariy, Beruniy, ibn Sino singari yetuk qomusiy olimlar bilan bir qatorda tilga olinadi. Afsuski, bu ulug‘ zot hayotiga oid ma’lumotlar ko‘p saqlanib qolmagan. Mavjudlarida uning Xorazmda tavallud topib, bolalik va yoshlik yillari Xiva, Zamaxshar va Qiyot shaharlarida o‘tgani, ona tilimizdan tashqari, arab, fors tillarini mukammal egallagani, Buxorodagi mashhur kutubxonada o‘z bilimini oshirgani, zamonasining ko‘plab allomalari bilan suhbatdosh bo‘lgani aytiladi. U zotning tug‘ilgan yillari ma’lum emas, vafotlari 997-yil deb ko‘rsatiladi. Hozirgi Xorazm viloyati, Buxoro shahri va bir muddat Xurosonda yashab, ijod qilgan yurtdoshimizning bizgacha yetib kelgan yagona – “Ilmlarning kalitlari” (“Mafotihul-ulum”) asarini mutolaa qilgan kishi, muallif matematika, fizika, kimyo, astronomiya, musiqa, mantiq, til va adabiyot, tarix fanlarining bilimdoni bo‘lgani, yunoncha so‘z va iboralarga izoh berganiga qaraganda, bu tilni ham puxta o‘rganganiga ishonch hosil qiladi.

Buni qarangki, ota-bobolarimiz yevropaliklardan, xususan, Leonardo da Vinchidan naq yetti asr avval, Nikolya Jozef Kuniodan 900 yil, Karl Bensdan esa 1000 yilcha muqaddam turli mashinalarni kashf etishgan ekan! Bunga “Ilmlarning kalitlari” asarining “Mexanika” bo‘limini mutolaa qilgan kishi amin bo‘ladi.

Abu Abdulloh Xorazmiy mexanikani (“mexanika” yunoncha so‘z bo‘lib, “mashinalar yaratish san’ati” degan ma’noni bildiradi) “ustalik bilan yasalgan qurilmalar haqidagi ilm” deya lo‘nda, ammo g‘oyatda aniq ta’riflagach, kitobining ushbu sohaga bag‘ishlangan bo‘limi ilk bobida turli asbob-uskunalar, bugungi til bilan aytganda, mashinalar haqida keng ma’lumotlar beradi.

Agar siz oltinchi yoki yettinchi sinfda o‘qiyotgan bo‘lsangiz, allaqachon fizika fani orqali pishang, ya’ni richag haqida yetarli tushunchaga egasiz. Uning ayniqsa, ulkan qurilishlardagi foydasi, og‘ir yuklarni ko‘tarishda qay darajada asqotishi sizga ma’lum. Bugungi kunda yuk ortuvchi va binolar qurilishida ishlatiladigan ulkan kranlar asosi richagdan iborat. Abu Abdulloh Xorazmiy “Ilmlarning kalitlari” asarining “Mexanika” bo‘limida richag mexanizmi (tuzilishi, ishlashi) haqida ma’lumot bergan. Shuningdek, unda harbiy mashinalar, burg‘ilash asboblari tuzilishi, ularni ishlatish yo‘llari to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar bor.

“Mexanika”ning 2-bobi yanada qiziqarli.

Barchamizning xonadonimizda, hovlimizda suv jo‘mraklari bor-a? Ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatlarida yashaydigan kishilarning xonadonlariga suv qay tariqa chiqib boradi? Yoxud qishloqlarimizda 20-30, hatto 50-60 metrlar chuqurlikdan suv chiqariladi. Buning siri nimada?

Gap shundaki, suv pastdan yuqoriga sun’iy hosil qilingan kuchli bosim (bosim haqida ham fizika darsi orqali tanishsiz) yoki maxsus uskuna – nasos yordamida ko‘tariladi. Bu asbob elektr energiyasi bilan ishlaydi. Hayratlanarlisi shundaki, X asrda yashagan vatandoshimiz suv nasoslarining, shuningdek, jo‘mraklarning tuzilishi va ishlash mexanizmi haqida yozadi! Bu bobda suv charxpalagi, tegirmoni, suv sachratkich uskuna, suv va qum sathini o‘lchaydigan asboblar ham birma-bir tavsiflanadi.

Aziz o‘quvchilar! Orangizda tabiiy va aniq fanlarga qiziquvchi iste’dodli o‘g‘il-qizlar ko‘p ekaniga ishonchimiz komil. Biz ushbu maqola orqali aynan ana shunday qobiliyatli yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda, buyuk vatandoshimiz, qomusiy olim Abu Abdulloh Xorazmiy qalamiga mansub “Ilmlarning kalitlari” asarining mexanikaga oid bo‘limi haqida hikoya qildik. Maqsadimiz, kelajakda mashhur muhandis, texnolog, konstruktor bo‘lishni niyat qilgan iste’dod sohiblarini yanada ilhomlantirish, ularga qo‘shimcha ma’lumotlar ulashishdir.

O‘z maktabida yoki tumanlarining bolalar texnik ijodiyot markazlaridagi to‘garaklarda tahsil olayotgan qiziquvchan o‘g‘il-qizlarning ushbu mavzuga oid fikr-mulohazalarini kutib qolamiz.

 

Elmurod NISHONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.