Noyob qushlar
Siz albatta, qush deganda ikki oyoqli, qoʻsh qanotli mavjudotni tushunasiz. Bogʻda, dalada, hovlingiz va boʻgʻotlardagi qushlarni koʻrib zavqlanasiz. Qargʻa, saʼva, qaldirgʻoch, toʻrgʻay, chittak, chumchuq, chugʻurchuq, musicha... deb nomlarini aytasiz. Ammo, dunyoda siz nomini aytish u yoqda tursin tasavvur qilolmaydigan darajada gʻaroyib qushlar borligini bilmaysiz.
Bugun sizni ana shunday antiqa qushlardan ayrimlari bilan tanishtiramiz.
Koʻk oyoqli olusha
Barcha turdoshlaridan oʻzining chiroyli koʻm-koʻk oyoqlari bilan ajralib turuvchi ushbu qushlar Galapagos orollari va Tinch okeanining Amerika qitʼasi yaqinidagi qirgʻoqlarida yashaydi.
Yelpigʻichsimon tojLI kaptar
Nafis patli tojdor kaptarlar Yangi Gvineya orolida uchraydi. Tanasi 60-70 santimetrni tashkil etadigan bu qushlar oʻsimliklar mevasi va urugʻlari bilan oziqlanadi.
Hindiston kalaosi
Vahimali qiyofadagi yakkashox-qush anchagina bahaybat. Kattaligi 1,5 metrga yetadi. Kalaolar Janubi-sharqiy Osiyodagi tropik oʻrmonlarda, asosan Hindistonda yashaydi. Kalao daraxt mevalari bilan qorin toʻydiradi.
Janubiy Amerika garpiyasi
Qirgʻiylar oilasiga mansub yirtqich qush. Bu qushlar Markaziy hamda Janubiy Amerikada yashaydi. Ularning yirik panjalarida uzun qora tirnoqlari joylashgan.
Krachka-inka
Bu antiqa moʻylovli dengiz qushlari Atlantika ummonining Peru va Chili qirgʻoqlari yaqinidagi qoyalarda yashaydilar. Ularning asosiy yemishi baliq. Sayrash oʻrniga mushukka oʻxshab miyovlaydi. Krachkalarga “husn” bagʻishlab turgan oppoq moʻylovlarining har birining uzunligi 5 santimetr. Aslida ular ham moʻylov emas, bor-yoʻgʻi pat xolos.
“Dubulgʻa”LI kazuar
Boshidagi salobatli “dubulgʻa”si bilan maqtanadigan Kazuarlar Yangi Gvineya va unga yaqin boʻlgan hududlarda yashaydi. Uning boʻyi 1,7, metr, oyoqlari baquvvat, biroq tuyaqushga oʻxshab u ham ucha olmaydi.
Jannat qushlari
Xalq ogʻzaki ijodida afsonaviy obraz sifatida gavdalangan qushlar chindan ham mavjud. Ular oʻzlari “jannat” deb bilgan Yangi Gvineya va Avstraliyada yashaydi.