Okeanariumga sayohat
Cho‘kib ketgan Atlantida, dengiz tubi, suv osti jonzotlari, gigant akulalar – bularning barini Magic Okeanariumga sho‘ng‘igan kishi biladi. Bu maskandagi akvariumda 3 mingdan ortiq daryo va dengiz mavjudotlari yashaydi. Akvarium chuqurligi 3,8 metr bo‘lib, uzunligi 20 metrgacha tunellar orqali cho‘zilib boradi.
Suv osti saltanatiga kirishingiz bilan turli ko‘rinishdagi eng mashhur dengiz maskanlarini uchratishingiz mumkin.
Toshkent akvariumi (Okeanarium) – O‘rta Osiyoning qoq markazidagi xavfli kontinental iqlim sharoitida yaratilgan ilk loyiha. U dunyodagi barcha dengizlardan olisda barpo qilingan.
Ayni paytda O‘zbekiston suv omborlarida parvarishlab kelinayotgan, avvallari Orol dengizida uchraydigan noyob va mashhur baliqlar “O‘zbekiston tarixi” nomli hududda mavjud.
Yuraversangiz “Jungle” hududiga kirib qolasiz. U yerda suv ostidagi Amazonka va Kambodjaning tropik o‘rmonlariga, piranhalarning haqiqiy armiyasiga, iguana va hameleonlar hamda eski tashlandiq ibodatxonaga duch kelasiz.
Yana odimlasangiz, “Dengiz hayoti” maydoniga to‘qnashasiz. Unda dengiz yulduzchalari, qisqichbaqalar hamda turfa xil baliqlarni ko‘rasiz. Xohlasangiz ular bilan o‘ynashingiz, hattoki, ovqatlantirishingiz mumkin.
Ketaversangiz, qarshingizdan “Okean g‘orlari” nomli bo‘lim chiqadi. Ushbu hudud sir-sinoatga boy hamda dengizdagi turli yirtqich mavjudotlar bilan to‘ldirilgan g‘or sanaladi. Yirtqichlar tomoshabinlar ko‘payishini poylashadi. Chunki ularni panada kuzatib “o‘ljam” deb o‘ylaydi. So‘ngra birdan ko‘rinish berib, xo‘ragiga tashlanmoqchi bo‘ladi. Lekin uddalay olmaydi.
Qadam bosganingiz sari yo‘lingizdan yangi bo‘lim “Multfilm qahramonlari” chiqib keladi. Ushbu hudud akvariumning qoq yuragida joylashgan bo‘lib, tomoshabinlar butun dengiz saltanati go‘zalligini u yerdan turib kuzatishi mumkin. Multfilm qahramonlarining jonli tarzdagi harakatlari sizni yanada jo‘shqinlantiradi.
Shuningdek, akvariumda pirs – hozirgi dengiz osti suzuvchisiga ko‘zingiz tushadi. U baliqlar orasida suzib, tomoshabinlar bilan suratga tushishdan uyalmaydi. Suv osti dunyosiga yaxshiroq nazar tashlasangiz, dengiz bo‘roniga bardosh berolmay cho‘kib ketgan kema vayronalarini ham ko‘rasiz.
“Magic Okeanarium” loyihasi menejeri
Sanjar ISABAYEV, bizning savollarimizni quyidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirdi:
– Ayni paytda Toshkent akvariumiga har kuni ko‘plab oilalar, maktab o‘quvchilari va sayyohlar kelib turishadi. Ko‘pincha tomoshabinlar akvariumdagi suv ifloslanib ketmaydimi, degan savolni berishadi. To‘g‘ri, dengiz suvi ham, chuchuk suv ham Okeanarium ichida hayot ketayotganligi uchun eskiradi. Lekin har bir akvariumning suv alishish dasturi mavjud bo‘lib, u nazorat ostida doim qo‘llanib turiladi. Baliqlarning oziqlanishiga to‘xtalsak, ular 20 dan ortiq yem turlari bilan ovqatlanadi. Meva-sabzavotlar, go‘sht va turli suyaksiz mavjudotlar bilan oziqlantiriladi. Ular 24 soat akvarium mutaxassisi va veterinar nazorati ostida. Mabodo, baliqlardan birortasi kasal bo‘lib qolsa, maxsus karantin xonasida davolanib, yana qayta akvariumga qo‘yib yuboriladi. Suv osti jonzotlarining har tomonlama yopiq saltanatdagi atmosferasi so‘nggi urfdagi chet el texnikasi vositasida filtrlanib turiladi, bu baliqlar uchun qulay suv harorati va yashash tarzi yaratishga xizmat qiladi. Kelajakda akvariumni yanada yangi jonzotlar bilan to‘ldirish va uning hududini kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Azim AXTAMOV