“Open Asia” iste’dodlilarni chorlaydi
O‘zida iste’dod borligini sezganlar uni san’at darajasiga yetkazishga tirishadilar va bu qobiliyatni dunyo tan olishini orzu qilishadi.
Sergeli tumani Madaniyat markazining “Yangi-avlod Erkatoy-Elnur” namunali bolalar vokal va raqs jamoasi ham kichik ko‘nglida katta maqsadlarni tugib, ko‘plab xalqaro tanlov va festivallarda iste’dodini olamga tarannum etmoqda. Bugungi kunda san’atga oshno qalblar iqtidorini jahon e’tirof etmoqda.
Ushbu jamoada tahsil olayotgan 10-12-yoshli bolalardan tashkil topgan “Elnur” vokal va raqs ansambli namunali bolalar guruhi 9-14-noyabr kunlari O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘tkazilgan nufuzli Fiestalonia Milenio “Open Asia – 2022” xalqaro festivalida “Mehmonnavozim – Toshkent” qo‘shig‘ini ijro etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Taniqli bastakor Jumadulla Nazarov rahbarlik qilayotgan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Oymomabog‘ navolari” vokal ansambli esa shu yo‘nalish bo‘yicha 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
— Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Rossiya, Gruziya kabi davlatlardan eng kuchli yosh san’atkorlar qatnashayotganini bilgan o‘quvchilarim biroz hadiksiradi, — deydi markaz direktori Hakima Vilyamova. — Biroq, ustozi Feruza Mirolimova, Ziyoda Najmiddinovalar ularga sahnada o‘zini erkin tutishini, o‘rganganlarini qo‘rqmasdan ijro etishini yaxshilab uqtirdi. Festivalda xoreografiya, vokal, cholg‘u, tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha nominatsiyalar bor edi. Hakamlar g‘oliblarni raqs va qo‘shiqni uyg‘un tarzda ijro etishiga qarab saraladi. Ana endi o‘quvchilarning keyingi bellashish manzili Ispaniyada.
Shunday ekan, ularning faoliyatiga omad tilab, jahon arenalarida munosib o‘rinlarni egallashini kutib qolamiz!
Azim AXTAMOV