Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

INTERNET IRMOG‘I  

MILLIONNI KIM IXTIRO QILGAN?

Siz raqamlarni  sanab ketaverasiz, ketaverasiz, ular millionga yetganda voy-bo‘ deb yuborasiz.  Biroq ayting-chi, biror marta million sonini kim o‘ylab topgan deb o‘ylaganmisiz? O‘ylamagansiz. Hayotda esa har bir narsaning o‘z tarixi bor.  Xuddi shunday millionning  ham. Xullas... Kunlardan bir kuni mashhur sayyoh  Marko Polo  Xitoyga  borib qoladi. U yerdagi mislsiz  boyliklarni ko‘rib shoshib qolgan  Marko  uni qanday  ta’riflashni  o‘ylaydi. Va  o‘ylab-o‘ylab italyan tilidagi  “mille” – ya’ni “ming” so‘ziga kuchaytiruvchi “on” qo‘shimchasini qo‘shadi.  Natijada, bugun ancha vahimali  raqam  bo‘lgan  “million” soni  qad rostlaydi.

 

ANA QANDIL-U, MANA QANDIL

Yaqinda  futbol bo‘yicha jahon chempionatiga  tayyorgarligi bilan butun dunyoni lol qoldirgan Qatar davlati  yana bir haybatli  buyumi  bilan ham olamga mashhur.  Bu – Doha shahrida yaralgan ulkan qandil. Afsonaviy  qandilning  bo‘yi – 38,5 metr, kengligi  esa 12 metr. Umumiy  og‘irligi esa naq 18 tonna.  Bu charog‘on qandilni yasash uchun ustalar uch yarim yil mehnat qilishgan.

 

OLMOS VASVASASI

Bobur Mirzo tojiga  ko‘rk bo‘lgan Ko‘hinur olmosi dunyo ahli qalbiga qanchalik  vasvasa solganini yaxshi bilamiz.  Aslida ham qazilma boyliklarning eng noyobi   olmos  hisoblanadi.    Bejirim zirak  va uzuklar  ko‘ziga  gavhar bo‘lib joylashgach esa  uning qadri   yanayam  oshadi.

Mana bir misol: Olamdagi barcha ayollar  xayolini o‘g‘irlagan  Apollon va Artemida nomli olmos ko‘zli zirak kim oshdi savdosiga qo‘yiladi. Dunyoda eng boy sanalgan  ishbilarmon milliarderlar  onasini, ayolini, qizini  quvontirish uchun  ana shu zirakni xarid qilish orzusida kim oshdi savdosida jiqqa musht bo‘lib ketishgan. Va  tanti boylardan biri  hech ikkilanmasdan butun boshli shahar bojiga teng baholangan  go‘zallikni  naq 57,4 million dollarga    sotib olgan. Qiziq, u bu zirakni taqib  bayramga otlangan qizining  tansoqchisiga qancha maosh to‘larkin?

 

BOYVACHCHA KARTOSHKA

Siz  oyingizni qozonida qaynab, qovurilib pishgan  rossiya, pikas, o‘zimizning qayroqi, qizil  kartoshkalarni ba’zan  mazza qilib, ba’zan  noiloj  yeysiz. Ammo, yoqimli  yong‘oq va limon ta’mi kelib turgan La Bonnote  (bizningcha, banot)  kartoshkasini qaynatib bersalar, aslo  unday qilmang.  Nega desangiz, bu  yoqimtoy kartoshkaning bir kilogrami  dunyo bozorlarida  500-650  yevroga  sotilar ekan. Yana bir gap, uni yeyishga unchalik ham shoshilmang. Axir, o‘zimizning saxiy quyoshimiz nuridan bahramand bo‘lib, saxovatli  tuprog‘imiz  bag‘rida  toblanib pishgan  o‘zbakiy kartoshkalarning bittasini o‘nta banotga almashmang. Chunki   o‘zimizniki, o‘zimizniki-da!

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.