Oqtoshdagi sirli hodisa
Padang Boysunga eng yaqin tog‘ qishlog‘i sanaladi. Aslida tog‘lar bag‘rida joylashgan ko‘plab uzoq-yaqin qishloqlarga ham Padang darasi orqali boriladi. Avvallari Padangsoyning shunday yonginasidan boshlanadigan Haydarbuloq adiridan yuqoriga chiqib ketadigan ilonizi so‘qmoq asosiy yo‘l edi. Bu so‘qmoqdan otda, eshakda yoki piyoda yurish mumkin bo‘lib, mashinalar yurolmasdi.
O‘tgan asrimizning yetmishinchi yillari tog‘ qishloqlari ham rivojlanib transport qatnovi uchun yo‘l qurish boshlandi. Haydarbuloq adiri orqali yo‘l o‘tkazishning iloji bo‘lmaganidan, birmuncha qulay va tekis bo‘lgan Oqtoshdan yo‘l o‘tdi. Buning uchun asriy archalar kesildi, minglab yillar davomida ne-ne sir-asrorlarni bag‘rida saqlab yotgan tog‘ning bag‘ri tilinib, ekologiya qoidalari buzildi.
Bu manzillar aslida eng xushmanzara, sayohatbop, tabiatning asl qiyofasi saqlangan so‘lim go‘shalar sanaladi. Chap tomonda Xo‘jaqo‘chqorota qadamjosi, o‘ng tomonda Qoplondara, yuqorida Oqtosh, Saroytosh, Sanjar tog‘ining baland cho‘qqilari, pastda Tug‘donota qadamjosi, doimiy suv oqadigan soy, buloqlar, jilg‘alar – barchasi tabiatning bebaho ko‘rki. Ulardan biri Xo‘jaqo‘chqorota qadamjosi poyonidagi O‘rtadasht dalasi. Hatto yomg‘ir kam bo‘lgan qurg‘oqchil yillarda ham bu dashtda g‘alla, o‘t-o‘lanlar bo‘liq bo‘ladi. Sababi, baland tog‘lardan tushayotgan jilg‘alar suvi bu tekis daladagi ekinlarni sug‘orishga bemalol yetadi...
Biroq, bugungi hikoyamiz O‘rtadasht haqida emas. Balki, keyingi yillarda turli shov-shuvlarga, munozaralarga sabab bo‘layotgan noyob tabiat hodisasi haqida.
Tog‘ ohaktoshli oq xarsanglardan iborat bo‘lgani uchun Oqtosh deb nomlangan. Biroq bu yerda qurilgan yo‘l oradan ko‘p o‘tmay o‘z o‘rnidan siljib, ayrim yerlari cho‘kib, buzilib ketdi. Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, chuqur ildizlari bilan tog‘ to‘shini mahkam ushlab turgan archalarning nobud etilishi, ikkinchi sabab – yuqoridan yo‘lga tushadigan qor, yomg‘ir suvlarini oqizish uchun yo‘l chetida qazilgan ariqlardagi suv nishabga emas, tepaga (!) qarab oqishi natijasida ko‘lmaklar hosil bo‘lib, yo‘lni buza boshladi. Mening o‘zim necha martalab bu hodisaning guvohi bo‘lganman. Tog‘da o‘tkazilgan sayohatlarimizning birida bir necha kishi avtomobildan tushib, tepalikka piyoda chiqa boshladik. Biroz oldin sharros yomg‘ir yoqqan bo‘lib, jilg‘alarda suv to‘lib oqardi. Qarasam, yo‘l chetidagi ariqda suv pastga emas, yuqoriga qarab oqyapti! Hayron bo‘lib, suv yo‘lini to‘sishga intildik, biroq u bizga bo‘ysunmay, yuqoriga oqaverdi. Kuzatishimizdan ayon bo‘ldiki, Oqtoshdagi ma’lum bir chegarada ariq va jilg‘alar suvi aniqdan-aniq pastga – jarlikka qarab emas, balki yuqoriga – tepalikka tomon oqar ekan.
Tuman gazetasining xodimi Azamat G‘afforov shunday hikoya qiladi:
– O‘rtoqlarim bilan Oqtoshga chiqqanimizda, suvning yuqoriga oqishini tekshirganmiz. Yoz kunlari bo‘lgani uchun yo‘l chetidagi ariqlarda suv yo‘q edi. Pastdagi soydan bir necha kanistrda mashinada suv keltirdik va uni ariqqa quydik. Ne ko‘z bilan ko‘raylik, suv pastga emas, yuqoriga oqa boshladi. Biz buni oldindan bilganimiz uchun unchalik hayron bo‘lmasak-da, bu holatni birinchi marta ko‘rayotgan tanishlarim tabiatning “hazil”idan lol qolishdi.
Uzoq yillar tumanga rahbarlik qilgan To‘raqul Hamroyev bilan suhbatlarimizda Oqtoshdagi sirli tabiat hodisasi haqida aytgan ma’lumotlari bundan ham qiziq:
– Ittifoq davrida ham markaziy shaharlardan, chet ellardan tumanimizga mehmonlar kelishardi. Albatta, biz ularga o‘lkamizning diqqatga sazovor maskanlarini ko‘rsatardik. Ular ko‘pincha tog‘larni ko‘rishga oshiqardi. Oqtoshga kelganimizda mashinadan tushib, tomosha bahonasida haydovchiga tezlik richagini “neytral” vaziyatga qo‘yishni aytardim. Motor o‘chirilganiga qaramay, birdan mashina g‘ildiraklari o‘z-o‘zidan tepaga qarab aylanaverardi. Bu hodisa ularni hayron qoldiradi. Bu sinoatning mohiyatini bilish maqsadida ko‘pgina olim, mutaxassislardan surishtirganman, biroq shu choqqacha hech kim ilmiy asoslangan, ishonarli javob bergani yo‘q...
Ha, chindan ham qiyaligi 15 darajadan ortiq Oqtosh yo‘lida avtomobil yoki velosipedda yoki boshqa transport vositasida o‘tish uchun biz amal qiladigan doimiy qoidalarni unutishimiz kerak. Mashina pastga tushayotganda haydovchi gazni kamaytirmay, aksincha, oshirishi zarur. Tezlik berilmasa, mashina to‘xtab qolishi hech gap emas.
Narsa va hodisalarni yaxlit idrok qilishdan olgan taassurotlarimiz ularning qismlarini idrok qilishimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shu tufayli odam idrokda ba’zan aldanib ham qoladi. Olisdagi ustun yaqindagisidan kattaroq bo‘lib ko‘rinadi. Shu tufayli daraxt, uy, zavod trubasi balandligi asli holidagiga nisbatan hamisha kichikroq bo‘lib tuyuladi. Tog‘larda bu holat aniq bilinadi. Ko‘pincha tasavvurimizning aldanishiga shohid bo‘lishimiz hech gap emas. Uzoqdagi qoyalar yaqinday ko‘rinsa-da, ammo qancha yurmaylik, ular bizdan uzoqlashadi go‘yo. Baland cho‘qqilar pastdek, biroq tagiga borib qarasak, juda yuqori. Uzoqdan anchayin tik ko‘ringan adirlar esa aslida tekis bo‘ladi. Shunga o‘xshash Oqtoshdagi suvning yuqori oqishi, mashinalarning o‘z-o‘zidan yuqoriga harakatlanishi tasavvurimizning aldanishidir balki. Biz nishab, balandlikni yuqoridagi tog‘lar tarhiga qarab ko‘rayotgandirmiz. Biroq ko‘pchilikni birdaniga aldab bo‘lmaydi-ku?! Texnika, mashinalar esa hech qanaqa mo‘jizalarga bo‘ysunmaydi. Ayrim olimlarning fikricha, bunday anomal holatning sababi geomagnitizm yoki atmosfera bosimining o‘zgarishi hisoblanadi.
Nima bo‘lganda ham Oqtoshdagi bu sirli holat ona tabiat – bepoyon tog‘larimiz hali biz bilmagan sirli mo‘jizalarga boy ekanligini ko‘rsatadi.
Ochil TOSHQULOV