Chori muallim “imtihoni”
Mahallamizdagi Chori boboni hamma hurmat qiladi. U kishi maktabda salkam qirq yil geografiya fanidan dars bergan. Sinf rahbarimiz Tolib aka iborasi bilan aytganda, u insonning bilimlar geografiyasi nihoyatda keng. Buni biz, Chori boboning “nevara” shogirdlari – maktab o‘quvchilari ham juda yaxshi bilamiz. Chunki bobo ko‘pincha bizni ko‘rib qolsalar, albatta, qiziq-qiziq savollarga tutib, bilimimizni sinaydilar. O‘h-hu, bu savollar...
– Chori bobo internetga kirmasa, plansheti bo‘lmasa, buncha narsani qayoqdan bilarkanlar-a, – deya hayratlanadi bu yil beshinchi sinfni tamomlagan Javlon ukam.
– Menimcha, bobo ko‘p televizor tomosha qilsalar kerak, – deya o‘zicha taxmin qiladi ukamning o‘rtog‘i Davron. – Televizordan hamma narsani o‘rganish mumkin...
Men ukalarimning bu mulohazalariga jilmayib qo‘yaman. Chunki Chori boboning muallim bo‘lganini, qanday kitoblar o‘qiganini yaxshi bilaman-da.
– Hakimbek bobosi Alpinbiydan qolgan o‘n to‘rt botmon birichdan yasalgan yoyni ushlab, ko‘tarib tortganda necha yashar edi? – deb so‘rab qoldi bir kuni bobo biz, maktabdan qaytayotgan o‘quvchilarni gapga tutib. Oramizda birgina Alisher “Alpomish” dostonini o‘qigan ekan, “Yetti yoshda bo‘lgan!” deb javob berdi.
Bobo xursand bo‘ldi.
– Barakalla! – dedi Alisherning boshini silab. – Hakimbek, yetti yoshida hech kim qilolmagan ishni uddalab, Alp degan, Alpomish degan nom olgan. Sizlar ham yaxshi o‘qisangiz, ilmning Alpi-Alpomishi bo‘lasizlar!
Shunaqa, bobo biror savol beradilar, javobini topolmasak, koyimaydilar, topsak, quvonib, albatta, bitta ajoyib hikmat ham qo‘shib qo‘yadilar. Savollar faqat geografiyadan bo‘lmaydi. Tarix, adabiyot, fizika, astronomiya, kimyo, hatto informatikadan ham ajabtovur savollarga ko‘p bora javob izlaganmiz.
Bu yil sakkizinchi sinfni tamomladim. Nokamtarlikka yo‘ymang-u, ko‘p fanlardan baholarim a’lo. Darsliklardan tashqari, qo‘shimcha adabiyotlarni ham o‘qib turaman, internetdan kerakli ma’lumotlarni olib, o‘rganaman. Qisqasi, o‘zimni tarix, geografiya va adabiyot fanlaridan peshqadam o‘quvchilardan deb hisoblayman. Lekin, ochig‘ini aytsam, Chori bobo bilan savol-javoblarda hamisha tizzam qaltiraydi. Yo‘q, u kishi hech yomon gapirmaydilar, jahl ham qilmaydilar, shunchaki zavq bilan suhbatlashadilar, xolos. Ammo, ba’zan shunday savollar beradilarki, ularga javob topish uchun oilaviy kutubxonamizdagi bor kitoblarni titkilab chiqishimga to‘g‘ri keladi... Tan olaman: mening maktabda yaxshi o‘qishimda, Chori boboning ham hissasi katta.
Nuroniy o‘qituvchining savollari va unga bergan javoblarimizni to‘plasak, qalin daftarga sig‘maydi. Qolaversa, ularni to‘plab, o‘zimiz uchun saqlab o‘tirganimizdan ham foyda yo‘q. Shu bois sinfdoshlarim Nuriddin, Shokir, Dilfuza va Muyassar bilan bir ish qildik. Darslardan bo‘sh vaqtlarimizda Chori muallim bilan savol-javoblarni jamlab, tartib bilan qog‘ozga tushirdik. Ya’ni masalan, fizikaga oidlari alohida, biologiyaga doirlari alohida daftar bo‘ldi. Hamisha qiziqarli g‘oyalari bilan sinfni olg‘a boshlaydigan Muyassarning taklifiga ko‘ra, savollarning ba’zilarini saralab, “Gulxan” o‘quvchilari e’tiboriga havola etishga qaror qildik. Qani, ular mahallamizning keksa bilimdoni Chori muallim “imtihon”idan qanday o‘tishar ekan?.. Bu gapim hazil, albatta. Maqsadimiz, mana shu kabi qiziqarli savol-javoblar orqali maktabda olgan bilimlaringizni yanada mustahkamlashingizga ko‘maklashishdir. Eslatib o‘tamiz, savollarning javoblari jurnalimizning keyingi sonida e’lon qilinadi.
Savollar:
1. Bu qasida yaratilganidan yarim asrdan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hamon adabiyot va san’at muxlislarini to‘lqinlantirib keladi. Vaholanki, uni yozganida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov 31 yashar navqiron yigit edi. Ayting-chi, gap milliy adabiyotimiz durdonalaridan sanalmish qaysi asar to‘g‘risida ketyapti?
2. Quyosh sistemasidagi yirik sayyoralardan biri Venera Sharq falakshunoslari tomonidan qanday nom bilan atalgan?
3. Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur qo‘shinlarini jang oldidan muayyan tartibda joylashtirgan va har bir bo‘linma alohida nomlar bilan atalgan. Masalan, lashkarning ilg‘or qismi ortidan boruvchi bo‘linmasi Hirovul, lashkar qanotlarini qo‘riqlab turuvchi maxsus bo‘linma esa Shiqovul (shig‘ovul). Qo‘shinning chap qanotini Javong‘or deyishgan. Ayting-chi, Sohibqiron harbiy kuchlarining o‘ng qanoti nima deb atalgan?
4. Ilk bor XIX asrda nemis olimi Ernst Hekkel tomonidan qo‘llangan bu atama yunoncha oikos – vatan, uy va logos – fan, ta’limot so‘zlarining birikmasidan iborat. Bugun u tabiat, atrof-muhit so‘zlari bilan yaqin ma’noda ishlatiladi. Ayting-chi, gap qaysi atama xususida bormoqda?
5. Kimyoviy belgisi O bo‘lgan ushbu moddasiz hayotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Uni 1771-yilda shved kimyogar-dorishunosi Karl Shyyele kashf etgan. Shu moddaning nomini nima deb ataymiz?
6. Matematik masalalarda noma’lum, ya’ni qidirilayotgan miqdor (son, raqam) nima bilan ifodalanadi?
7. Qadimgi yunon manbalarida Yahartes, Yaksart deb tilga olingan daryo nomi nima?
8. Markaziy Osiyodagi eng yirik shahar.
9. Fizikaning ushbu bo‘limida yorug‘likning tabiati, yorug‘lik hodisalari qonuniyatlari, yorug‘lik bilan boshqa moddalarning o‘zaro ta’siri masalalari o‘rganiladi. Dorixonalarning yonida maxsus ko‘zoynaklar sotiladigan do‘konlar ham shu nom bilan ataladi...
10. Uni biologiyada ikki xil nomi bor. Birinchi nomi – siren. Oq, pushti va qizil ranglarda gullaydi. Gullari xushbo‘y, o‘zi ham nihoyatda chiroyli, hovli va bog‘larga ko‘rk bag‘ishlaydigan buta yoki daraxt ko‘rinishidagi manzarali o‘simlik. U haqida qo‘shiq ham kuylangan. Ayting-chi, gap qaysi o‘simlik to‘g‘risida borayapti?
Unutmang, mazkur savollarga topgan javoblaringizning bosh harflaridan “O‘ZBEKISTON” so‘zi hosil bo‘ladi.
A’lochi o‘quvchilar yuborgan savollarga
Elmurod NISHONOV tartib berdi.