Parashyutchi mushuklar
Tasavvur qiling, daraxtdan yoki narvonning tepasidan yiqilib tushgudek boʻlsak albatta, biror joyimiz shilinadi, qoʻpolroq tushsak oyoq yoki qoʻlimiz eti eziladi, xatto suyaklarimiz sinadi ham. Ammo mushuklarni tomdan yoki baland terakning tepasidan otib yuborishsa ham sakrab tushishadi-yu yana hech narsa koʻrmaganday, hech qanday jarohat olmay xotirjam yurib ketaverishadi. Siz esa bundan hayron boʻlmaysiz, bu haqda oʻylab ham koʻrmaysiz. “Chunki ular oyogʻi bilan sakrab tushadi-da”, deysiz. Toʻgʻri, lekin nega shunday qilishadi?! Axir oyoqlarida ham suyak bor-ku. Suyak esa bilamiz, sinishga moyil boʻladi.
Mushuklarning mana shu mahoratini bilish uchun Vashington universiteti professori Uyen Uit astoydil bel bogʻlabdi. U mushuklar ustida naq 132 marotaba tajriba oʻtkazibdi va shunday xulosaga kelibdi.
Baroqvoylar yiqilmasligiga sabab – ularning “parashyut effekti” degan uslubdan foydalanishlarida ekan (balki parashyutchilar bu uslubni mushuklardan oʻrganishgandir). Bu qanday effekt, deysizmi. Mushuk “yiqilayotganda” uning oyoqlari uzayib, tanasining sathi kengayar ekan. Oqibati maʼlum – tushish tezligi kamayadi va baroqvoy yerga yengilgina “qoʻnadi”. Ha aytmoqchi, ular yerga tushish chogʻida oyoqlarining elastikligi (egiluvchanligi)dan oqilona foydalanishar ekan.
Shahrizoda