Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Rus xalq topishmoqlari

Tishlamaydi, hurmaydi,

Qadam tashlab yurolmas,

Lekin u turgan joyda,

Hech kim uyga kirolmas.

 

* * *

Ajoyib bir gʻalvir bor,

Ichida uylar qator.

Baʼzilari qop-qora,

Chiziqli, yogʻli, sara...

 

 

* * *

Qavat-qavat poʻstinli

Bir otaxon oʻltirar.

Kim uni yechintirsa,

Koʻzlariga yosh toʻlar.

 

 

* * *

Kimki, uyga kirsa gar,

Avval unga qoʻl berar.

 

 

* * *

Toʻrtta aka-ukalar

Bir xil boʻyi basti-da.

Bir oyoqlab tik turar

Bitta tomning ostida.

 

 

* * *

Kerib ikki oyogʻin,

Minib olgan “toychogʻin”.

Uni avaylagaysiz,

Chunki xizmati cheksiz.

Kitob oʻqimoq boʻlsa,

Agar biror qariya,

Darhol izlab qoladi

“Koʻzim qaydadir”, deya...

 

* * *

Na buta u, na daraxt,

Lekin bordir yaprogʻi.

Koʻylak kabi tikilgan

Uning har bir varogʻi.

Odam emas, lek dono,

Yaxshi oʻrtoq, ustozdir.

Uni hurmat qilganning

Ishlari doim sozdir.

 

 

* * *

Uni qancha ursangiz,

Sira qilmaydi pisand.

Aksincha zarbangizdan

Rosa boʻladi xursand.

 

 

* * *

Yerga ursang – sakraydi,

Ammo hech yigʻlamaydi.

Uning ortidan chopib,

Bolalar charchamaydi...

 

 

* * *

Agar yigʻib olsangiz,

Bamisoli nayzadir.

Ochib yuborgan chogʻda,

Boshga soya, panadir...

 

              * * *

Dengizida suzib bo‘lmas,

Yo‘llarida yurib bo‘lmas,

Serhosil yer judayam ko‘p,

Lekin shudgor qilib bo‘lmas.

 

Muhiddin OMON tarjimalari

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.