She'rni qanday tez yodlash mumkin?
Adabiyot fanidan tez-tez she’r yodlash vazifasi beriladi. Xo‘sh, she’rlarni oson yodlaysizmi? She’rni eslab qolish va ifodali qilib aytib berish hamma uchun ham oson emas. Xotira quvvati har xil. Ammo, bu muammoning yechimi bor. Quyidagi usullar bir qarashda qiyin, ko‘p bilim talab qiladigandek ko‘rinishi mumkin. Lekin ularga amal qilib, bosqichma-bosqich mahoratingizni oshirib borsangiz, vaqt o‘tishi bilan har qanday she’rni tez va yaxshiroq yodlab ola boshlaysiz.
* Uy vazifasini she’r yodlashdan boshlang. Avval she’rni ichingizda o‘qib, tanishib chiqing. Mumtoz yoki drammatik she’rlarni yodlayotganda, eskirgan so‘zlar, nomlar, o‘zgarishlarga duch kelishingiz mumkin. Ularning ma’nosini topib, puxta o‘rganib chiqing. Voqea-hodisalar tasvirlangan she’rni (doston, ballada yoki voqeaband she’rlarni) yodlayotgan bo‘lsangiz, undagi jarayon ketma-ketligini eslab qoling.
* She’rni bir necha marta ovoz chiqarib o‘qing. Bu o‘zlashtirishni yengillashtiradi.
* Endi she’rni aytib berishga harakat qiling. Eslay olmagan joylaringizni kitobga qarab bilib oling.
* She’rni qog‘ozga ko‘chirib yozing va qismlarga bo‘lib chiqing. Har bir baytni qalam bilan ajratib oling.
* So‘zlarni ifodali o‘qishga harakat qiling. Sekin aytish talab qilingan joylarini past, jo‘shqin joylarini esa baland ovozda ayting.
* Birinchi misrani baland ovozda o‘qing, so‘ngra sahifaga qaramasdan uni 5-7 marta takrorlang. Keyingi qatorlarni ham xuddi shu tartibda yodlang.
* Baland ovozda ifodali qilib o‘qing. Shunda she’r qatorlari o‘z-o‘zidan yodingizda qolayotganini sezasiz.
* Har bir satrning bosh so‘zini qog‘ozga yozib oling. Shunga qarab she’rni to‘liq aytib berishga urinib ko‘ring.
* She’r qatorlari xotirangizga o‘rnashib borgani sari, matnga qaramasdan aytishga harakat qiling.
* Yod olgan she’rni uxlashdan oldin va uyg‘onganingizdan so‘ng ham takrorlang. Shunda u xotirangizga chuqurroq o‘rnashadi.
Yuqoridagi usullar orqali o‘zlashtirish ko‘proq sabr-toqat talab qilishini ham eslatib o‘tish kerak. Agar she’rni o‘zlashtirish davomida yaxshi esda qolmayotgani yoki tushunarsiz tuyulayotgani tufayli asabiylashsangiz, yaxshi natijaga erisholmaysiz. Bunday paytda mashqni besh daqiqaga to‘xtatib, miyaga dam berish tavsiya etiladi. O‘qiyotgan she’ringiz o‘zingizga yoqishi ham kerak. Buning uchun esa uning go‘zalligini, so‘z o‘yinlari va tashbehlarini his qilish zarur. Demak, adabiyotdan bilimingizni ham ko‘paytirish talab etiladi. Kerakli ko‘nikma shakllansa, o‘z-o‘zidan ko‘p she’r yodlaysiz. Ko‘p she’r bilish esa nutq ravon va ta’sirli bo‘lishiga, so‘z boyligi ortishiga xizmat qiladi.
Mirjalol MADVALIYEV tayyorladi.