“Shimoliy yoz”
Yurtimizda har faslning o‘ziga xos gashti, sururi bor. Kumush qish oppoq qorlari bilan, go‘zal bahor betakror tarovati bilan yoqimli. Qaynoq fasl yozning sururbaxsh onlari kishiga o‘zgacha zavq bersa, pishiqchiligi bilan nom qozongan saxiy kuzning ham o‘rni bo‘lakcha. Xullas, har onning o‘z qadri, o‘z ahamiyati bor. Fasllarning ketma-ket kelishi biz uchun soat millari kabi yod bo‘lib ketgan.
Ammo yer yuzining barcha mintaqalarida ham bu holatni uchratavermaysiz. Qishda yozga, yozda qishga guvoh bo‘lishning ajablanarli jihati yo‘q. Birgina Rossiya davlatini olaylik. Yaqinda nihoyasiga yetgan yozning qoq yarmi, ya’ni iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarni g‘aroyib yangilik egalladi. Nima emish, Rossiyaning Murmansk, Kirovsk, Severomorsk shaharlarini butunlay qor qoplaganmish. Rostdanmi, iyun oyida-ya, deyapsizmi? Ishonavering, bu fakt.
Mazkur voqea 2017-yilning 20–21-iyun kunlari ro‘y bergan. Havo harorati Selsiy bo‘yicha 0 darajagacha tushib ketgan. Bu noqulay ob-havoga Arxangelsk viloyatidan kelgan atmosfera girdobi sabab bo‘lgan. Voqeaga guvoh bo‘lganlarning esa hayrati chindan hayratlanarli. Ular bir-birlariga “shimoliy yozga xush kelibsiz” deya hazilomuz murojaat qilishdi.
Internet manbalari asosida Farhod BEK tayyorladi.