Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Soqqali ruchkani kim kashf qilgan?

Hayotimizni soqqali (siz uni “sharikli” ham deysiz) ruchkasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U arzon, yozishga qulay bo‘lgani uchun ham juda keng tarqalgan.

Bunday ruchka yaratish g‘oyasi dastlab vengriyalik jurnalist Laslo Biroda paydo bo‘lgan. U ish yuzasidan tez-tez bosmaxonaga borib turardi. Bir kuni bosma dastgohdan chiqayotgan gazeta qog‘ozlarini tomosha qilib turib, peroli ruchka uchun ham shunaqa tez quriydigan siyoh ishlab chiqarilsa yaxshi bo‘lar edi, degan fikrga keladi. Shundan so‘ng u tadqiqot o‘tkazadi va peroli ruchka bilan bu ishni amalga oshirib bo‘lmasligini tushunadi. Chunki siyoh tez qurishi uchun anchagina quyuq bo‘lishi kerak. Quyuq siyoh esa peroli ruchkaning naychasiga tiqilib qoladi. Lekin Laslo bu bilan cheklanib qolmaydi. “Quyuq siyohni oddiy ruchka bilan ishlatib bo‘lmas ekan, demak, boshqacharoq yozuv quroli o‘ylab topish kerak”, degan qarorga keladi.

Laslo o‘z g‘oyasi haqida kimyogar ukasi Georgga so‘zlab beradi va uni ham bu ishga jalb qiladi. Aka-uka 1938-yili yangi tuzilishdagi ruchka yaratadi. Lekin bu orada Vengriyada urush boshlangani tufayli Laslo ma’lum muddat Fransiyada, keyin Ispaniyada yashab, oxiri Argentinaga ko‘chib boradi.

1940-yili Georg ham Argentinaga yetib kelgach, akasi va argentinalik do‘sti Xuan Meyn bilan birga soqqali ruchka ishlab chiqarish uchun harakat boshlaydi. Birinchi ruchkalar 1942-yilda Birome (Biro va Meyn familiyalari birikmasi) nomi ostida sotuvga chiqariladi.

Samolyotda soqqali ruchkadan foydalanish qulay bo‘lgani sababli Buyuk Britaniya harbiy-havo kuchlari aka-uka Birolardan ruchka chiqarish litsenziyasini sotib oladi. Ko‘p o‘tmay litsenziya Amerikaning yirik kompaniyalari ixtiyoriga o‘tadi.

1943-yili amerikalik savdogar Milton Reynolds Argentinani sayr qilib yurganida, tasodifan “biro” sotib oladi. Uddaburon savdogar agar Amerikada shunday ruchka ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa, boyib ketishi mumkinligini anglaydi. U vataniga qaytgach darhol ruchka haqida ma’lumot to‘playdi va AQSHda Biro ixtirosi uchun o‘zining nomiga patent oladi. Shundan so‘ng hech qanday litsenziyasiz soqqali ruchka ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Reynoldsning dastlabki ruchkalari 1945-yil 19-oktabr kuni Nyu-Yorkning Gimbels nomli do‘konida sotuvga qo‘yilgan. O‘sha kunlari navbatga shunchalik ko‘p xaridor to‘planganki, tartibni saqlash uchun 55 nafar politsiyachi chaqirilgan. Yangi ruchkaning narxi 12,5 dollar (buncha pul topish uchun Amerikadagi sanoat ishchisi 8 soat mehnat qilishi kerak) bo‘lishiga qaramasdan, bir kun ichida 10 000 ta ruchka sotilgan.

Reynoldsning noma’qul xatti-harakati tufayli Laslo Biro va uning Amerikadagi raqiblari o‘rtasida mojaro kelib chiqadi. Birodan litsenziyani rasman sotib olgan Eversharp kompaniyasi rahbarlari Reynoldsni sudga beradi. Lekin Reynolds ixtiroga patent olgani uchun aybsiz deb topiladi. Reynolds International Pen Company va Eversharp kompaniyalari Amerika bozorida ustunlikka erishish uchun bir necha yil davomida murosasiz kurash olib bordi. Ikki yil ichida soqqali ruchkaning narxi 12,5 dollardan 50 sentga tushib ketdi. Eversharp bir amallab raqibini bozordan siqib chiqardi. Soqqali ruchka bugun ham odamlar xizmatida.

 

Mirjalol MADVALIYEV tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.